O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-05-11 | Siyosat
2021-yilning 11-may kuni Sian shahrida (Xitoy) O‘zbekiston delegatsiyasining “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi ikkinchi uchrashuvidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qirg‘iz Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Vazirlar ikki tomonlama aloqalar rivojlanishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar hamda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, davlatlar rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli samarali natijalar berayotgan qator kelishuvlarga erishildi, o‘zaro ishonch mustahkamlandi, qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari kengaydi.
Tomonlar Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni, multimodal transport koridori hamda “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini imkon qadar tez muddatda amalga oshirishning muhimligini qayd etdilar.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi