Joriy yilning yanvar-aprel oylarida investitsiya va tashqi savdo faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida investitsiya va tashqi savdo faoliyati sohalarida ustuvor vazifalarni amalga oshirishning bugungi holati va birinchi darajali chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Muhokamada vazirliklar, idoralar, qo‘mitalar, agentliklar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida investitsiya faoliyati ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi – joriy yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, Davlat va hududiy investitsiya dasturlari doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 1,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bunda, Davlat investitsiya dasturi doirasida 696 mln dollarlik 19ta loyiha ishga tushirilib, 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi, hududiy investisiya dasturlari doirasida esa 1,2 milliard dollarlik 2961 loyiha foydalanishga topshirildi va bu 32,6 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida 2,9 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotganligi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagisiga nisbatan 13,7 foizga oshgani ma'lum qilindi. Jami yil yakunlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 7,6 mlrd dollarni tashkil etadi, bu esa 2020-yil yakunlariga nisbatan 18,8 foizlik o‘sishni ta'minlaydi.
Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishning iqtisodiy samarasining yuqori ko‘rsatkichlarini ta'minlash maqsadida “Ichki talabni o‘rganish – import tahlili – zaxira bazasini aniqlash – yangi loyihalarni ishlab chiqish” sxemasi bo‘yicha ularni ishlab chiqish uslubiyotini takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Bunda asosan ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish nazarda tutilmoqda.
Sanoatni rivojlantirish va tegishli qiymat zanjirlarini shakllantirishda ishtirok etadigan tarmoq korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, loyihalarni iqtisodiy samaradorlik mezonlariga muvofiq o‘rganish va tanlashning ko‘p bosqichli mexanizmini yaratish muhimligi qayd etildi.
Eksport faoliyati masalalari ham muhokama qilindi – joriy yilning dastlabki to‘rt oyida tovar va xizmatlar eksportining hajmi 3,5 mlrd dollarni tashkil etgani qayd etildi. Shu bilan birga, eksportning umumiy hajmida real sektorning tayyor mahsulotlari ulushini ko‘paytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi. Qayd etilishicha, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra prognoz qilingan eksport hajmi 5,1 mlrd dollarni tashkil qilib, 2020-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 24 foizga o‘sishni tashkil etadi. Jami 2021-yil yakunlari bo‘yicha 17 mlrd dollarlik tovar va xizmatlarni eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 12 foizga oshishi kutilmoqda.
Shuningdek, importni optimallashtirish, qo‘shimcha foydalanilmayotgan eksport imkoniyatlarini aniqlash va qishloq xo‘jaligi va sanoatning istiqbolli yo‘nalishlarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Bu ichki mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozordagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.
Muhokama yakunida mutasaddi rahbarlarga Davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilish va respublika hududlariga amalga oshirilgan tashriflar chog‘ida investitsiya va tashqi savdo faoliyati ko‘rsatkichlarining o‘sishini rag‘batlantirish borasida belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi