O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston – Afg‘oniston: Madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

2021-05-07 | Ta’lim

O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasida “O‘zbek tili do‘stlari” klubining faol aʼzolari ishtirokida “davra suhbati” tashkil etildi

Tadbirda Kobul va Jauzjon universitetlari, B.Rabboniy nomli Kobul pedagogika instituti turkiy tillar departamentlarining o‘zbek tili kafedralari mudirlari G‘ulom Rasul Qarluq, Nurilla Oltoy, Sulton Mahmud, “Bonu TV” telekanali bosh muharriri Azizulla Arral va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirok etdi.

“Davra suhbati” davomida madaniy-gumanitar va taʼlim sohalarida o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

21-oktyabr O‘zbekistonda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida bayram qilinadi. Aynan shu sanani 2020-yildan boshlab Afg‘onistonda ham “O‘zbek tili kuni” sifatida nishonlanishi va bu borada Afg‘oniston Prezidentining maxsus farmoyishi qabul qilingani taʼkidlandi.

2020-yil 20-oktyabr kuni mazkur bayram Afg‘onistonda birinchi bor keng nishonlangani, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Prezidenti va tadbir ishtirokchilari nomiga yo‘llagan tabrik maktubi o‘qib eshittirilgani, O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi ishtirok etgani Afg‘onistonda yashovchi o‘zbeklar uchun buyuk iftixor bo‘lgani qayd etildi.

Joriy yil 7-9-aprel kunlari Hirot shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan xalqaro seminarda ham yuqori darajali O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etib, Navoiy siymosiga yuksak ehtirom ko‘rsatdi.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash va uning atrofini obodonlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan xayrli ishlar Afg‘oniston rahbariyati va xalqi tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olinganiga eʼtibor qaratildi.    Alisher Navoiyning arab alifbosida chop etilgan “Xamsa” asarining Hirotda o‘tkazilgan seminar doirasida taqdim etilgani muhim voqea bo‘ldi. Mazkur kitobning Afg‘oniston tomoniga tuhfa qilinishi keng jamoatchilik tomonidan ulug‘ bobomiz asarlarini o‘qish va ular bilan yaqindan tanishishda muhim o‘rin tutadi.   

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga asosan 2021-yil oktyabr oyida Buxoro va Mozori-Sharif shaharlarida buyuk muhaddislar Imom Buxoriy va Imom Termiziy hayoti va merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Afg‘onistonda yashovchi o‘zbek ziyolilari saʼy-harakatlari va ularning Afg‘oniston Prezidenti devoni tomonidan qo‘llab quvvatlanishi natijasida 70 ming so‘zni o‘z ichiga olgan qomus yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur manba dariy va pushtu tillariga tarjima qilinib, alohida kitob shaklida chop etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – o‘zbek tilini Afg‘onistonda yashovchi millatlar orasida keng targ‘ib etish va mavqeini mustahkamlashdan iborat.

Tomonlarning fikricha, shoir va yozuvchilarning O‘zbekiston va Afg‘onistonda har yili o‘tkaziladigan “Oltin qalam” va “Oltin barmoq” kabi xalqaro tanlovlarda ishtirokini taʼminlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tanlovlarda qatnashish orqali ijodkorlar o‘z asarlarini keng jamoatchilik oldida namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan Kobul davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolash maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Ayni paytda O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan hujjat loyihalari Afg‘oniston tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda taʼlim, so‘z erkinligi va diniy bag‘rikenglik kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan islohotlar yuzasidan batafsil maʼlumot tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi. “Davra suhbati” doirasida 5 jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu kitoblar Kobul universiteti, Jauzjon universiteti, B.Rabboniy nomidagi Kobul pedagogika instituti turkiy tillar departamentlarining o‘zbek tili kafedralari rahbarlari va “Bonu TV” telekanali bosh muharririga topshirildi.

Afg‘oniston oliy taʼlim muassasalari vakillari hadya qilingan kitoblar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Tadbir yakunida “O‘zbek tili do‘stlari” klubi faoliyati doirasida madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalariga oid turli mavzudagi tadbirlarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться