O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘sha so‘nmas jasoratlar biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lmoqda

2021-05-06 | Siyosat

Shafqatsiz urush xotiralari, mashaqqatli mehnat fronti haqidagi aniq tasavvurlar allaqachon shakllanib ulgurgan. O‘sha ma'shum yillar aks etgan kinolarni ko‘rayotgan bugungi yosh avlod ham allaqachon o‘sha dahshatlar haqida ma'lum tasavvurga ega.

Xo‘sh, bularni nega eslayapman? Shu kunlarda xotira va qadrlash tadbirlari keng quloch yoydi. Buyuk G‘alabaga beqiyos hissa qo‘shgan, mana shu yorug‘ kunlarga yetib kelolmagan aziz insonlarni yod etish, ularning xotirasi, pok ruhlari oldida ta'zim qilish ishlariga kamarbastalikni qo‘lga oldik. Shafqatsiz urushda, mashaqqatli mehnat frontida mardlik va jasorat ko‘rsatgan barcha faxriylarimizga yuksak hurmat va ehtirom, chuqur minnatdorlik bildiramiz.
 
Chunki ular bugungi yorug‘ kunlar uchun fidoyilik namunasini ko‘rsatganlar. Bir narsani tan olib faxr bilan ta'kidlash kerak: oradan qancha yillar, zamonlar o‘tmasin, buyuk G‘alabaning qadr-qimmati va ahamiyati tobora ortib boraveradi. Bu so‘nmas jasoratlar mana, oradan 70 yildan ziyod vaqt o‘tibdiki, biz uchun mardlik maktabi, g‘urur-iftixor manbai bo‘lmoqda.
 
9-may – Xotira va qadrlash kuni – el-yurtimizning asl farzandlari besh yil davomida mardona jang qilib, yovuz dushmanni tor-mor etgan, mislsiz talofatlar evaziga erishgan shon-sharaf ayyomidir. 
 
Insoniyat tarixidagi eng dahshatli bu urushda 1 yarim milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qatnashgan. Ularning yarim milliondan ziyodi halok bo‘lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak yo‘qolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron bo‘lib qaytgan. Bu raqamlarni doimo yodda saqlashimiz kerak, deb hisoblayman. Negaki, ular shunchaki statistik ma'lumotlar emas. Bu raqamlar xalqimiz boshidan kechirgan mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslik, shuningdek, bugungi tinch va go‘zal hayotning qadriga yetib, doimo hushyor va ogoh bo‘lmoq, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalamoq da'vatidir.
 
Shu o‘rinda yana bir haqiqat haqida qayd etish joiz. U ham bo‘lsa, har qadamda eng katta, bebaho boylik bo‘lgan tinchlikka raxna solish, turli xalqlar o‘rtasida urush olovini yoqish, milliy va diniy ziddiyatlarni avj oldirishga urinayotgan kuchlarning borligi. Bunday yovuz kuchlarga qarshi kurashda, avvalo, doimiy hushyorlik va ogohlik, jaholatga qarshi – ma'rifat, butun xalqimizning birligi va hamjihatligi hal qiluvchi rol' o‘ynaydi. Shuning uchun ham ayni murakkab va tahlikali zamonda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni turli zararli ta'sirlardan asrash yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Поделиться