Joriy yilning 4-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki Guruhi (ITB) Prezidenti Bandar Hajar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Toshkent shahrida ITB Guruhi Boshqaruvchilari Kengashining 46-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Tadbirga tayyorgarlikning borishi va tegishli tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat tegishli ishchi guruhlarining Bank vakillari bilan tezkor o‘zaro hamkorligi qayd etildi. Tadbirni tashkil etish bo‘yicha navbatdagi sa'y-harakatlar rejalashtirildi. B.Hajar yaqin vaqtda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida Yillik yig‘ilishning keng yoritilishiga bag‘ishlangan “roud-shou” o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanligini O‘zbekiston tomoniga bildirdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki ko‘magida hayotga tatbiq etilayotgan loyiha va tashabbuslarning amalga oshirilishi muhokama qilindi. Bank rahbari O‘zbekistonda Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilishini yuqori baholab, mazkur moliya muassasasi mamlakat iqtisodiy rivojlanishini rag‘batlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishning qudratli vositasiga aylanishiga umid bildirdi. Shu o‘rinda, Saudiya Arabistoni taraqqiyot jamg‘armasi, Davlat investitsiyalar Jamg‘armasi, Arab muvofiqlashtirish guruhi moliyaviy institutlari a'zolari va xususiy investorlar kabi yangi sheriklarni Jamg‘armaga jalb etish va unga qo‘shimcha resurslarni safarbar qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi doirasidagi keyingi sa'y-harakatlar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi