O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti
2021-05-05 | Saylov
Mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari xalqaro normalar hamda demokratik prinsiplarga to‘la javob berishida milliy qonunchilikning ahamiyati beqiyosdir.
Saylov to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikning tahlili saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Mazkur loyiha bilan Saylov kodeksining 11 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, amaldagi Saylov kodeksiga muvofiq, saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar sudlar bilan bir qatorda yuqori turuvchi saylov komissiyalariga ham berilishi mumkin. Bunda, sudlar va saylov komissiyalariga takroriy shikoyatlar tushishi, ular tomonidan bir-biriga zid bo‘lgan qarorlar chiqarilishi ehtimoli mavjud bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, loyihada shikoyatlar faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.
Yana bir muhim masala. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil-29 iyuldagi “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarida saylovoldi targ‘ibotini o‘tkazish uchun hokimliklardan ruxsatnoma olish lozimligi belgilangan.
Qonun loyihasi bilan saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o‘tkazilishi joyi va vaqti haqida tuman (shahar) hokimliklari kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o‘tkazilishi, bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun alohida ruxsatnoma talab etilmasligi belgilanmoqda.
Qolaversa, amaldagi qonunchilikka binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda 6-8 nafar a’zodan iborat okrug saylov komissiyasida mingga yaqin uchastka saylov komissiyalari tuziladi. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bu holat uchastka saylov komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirishda qiyinchilikni tug‘dirmoqda.
Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari – saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va 11 – 18 nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishi ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya (ID) kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligini belgilab qo‘yilmoqda.
Manba: O'zA