O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘rmon xo‘jaligi va davlat tili: konsepsiyalar ijrosining uyg‘unligi

2021-05-05 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida 2018-2019-yillarda agrar sohani rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalar taqdimoti bilan tanishuvi jarayonida “Vaqti kelib, o‘rmon xo‘jaligi alohida yirik sohaga aylanishi zarur”, deya taʼkidlagan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda so‘nggi 4 yil mobaynida o‘rmon xo‘jaligiga eʼtibor ortib, foydalanilmayotgan yerlardan unumli foydalanish, sohaga innovatsion g‘oyalarni tatbiq etish, daromad topishning eng qulay manbayi ekanligiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, 2020-yil 6-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4850-son hamda 2021-yil 21-yanvardagi “O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fanni rivojlantirish va ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4960-sonli qarorlari qabul qilindi.

Konsepsiya qabul qilinishidan asosiy maqsad – mamlakatimizda o‘rmon fondini muhofaza qilish, ko‘paytirish, undan oqilona foydalanish, uning moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish, sohaga bozor mexanizmlarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish hisobiga ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish, shuningdek, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda o‘rmon xo‘jaligini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashdan iborat.

Konsepsiyani amalga oshirish uchun o‘rmon xo‘jaligida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rag‘batlantirish hamda xalqaro standartlar darajasiga mos ilg‘or xorijiy tajribaga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish zarur.

Bu borada O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti pista, bodom, yong‘oq kabi daraxtlarning yangi navlarini yaratishni,  shifobaxsh dorivor o‘simliklarni madaniylashtirishni hamda  sohada ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlarini ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Institut qoshidagi kutubxonada sohaga oid 25 mingdan ortiq ilmiy adabiyotlar zaxirasi mavjud. Ularning aksariyati rus va boshqa tillarda chop etilgan.

Maʼlumki, o‘tgan yili 20-oktabrda yana bir konsepsiya – “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni asosida “2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” tasdiqlandi.

Mazkur konsepsiyaning 9-bandida “O‘zbek tili o‘quv leksikografiya tarmog‘ini rivojlantirish, yangi avlod o‘quv va atamalar lug‘atlarini yaratish, ularning elektron variantlarini ishga tushirish” chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangan.

Mamlakatimizda ilm-fanning taraqqiyoti natijasida o‘zga tillardan isteʼmolga kirib kelayotgan tushunchalarning ko‘payib borayotgani sababli ularning muqobil atamalarini izlash vaqti-soati yetdi.

O‘zbek tilshunosligida ilm-fan, texnika, sanʼatga yoki biron kasb-hunarga xos so‘zlarni atamalar deb atalishini yaxshi bilamiz. Bu so‘zlar odatda bir maʼnoni bildiradi. Atamalar ham o‘z navbatida 2 guruhga bo‘linadi: ilmiy atamalar va kasbiy atamalar.

Maʼlum bir fan, sanʼat yoki texnika sohasida qo‘llanadigan atamalarga ilmiy atamalar; maʼlum bir kasb-hunarga oid so‘zlarga kasbiy atamalar deyiladi.

O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tilshunos olimlar bilan hamkorlikda ushbu sohaga oid atamalarning yangilangan izohli lug‘atini nashr etishni rejalashtirgan.

O‘rmon xo‘jaligi sohasiga oid baʼzi atamalarni quyidagicha izohlash mumkin:

Arboretum – botanikaga oid atama bo‘lib, lotincha arboretum so‘zdan olingan (ruscha - drevesniye nasajdeniya). Yer sharining turli mintaqalaridan keltirilgan daraxt-buta turlaridan barpo etilgan dendrologik bog‘ manosini bildiradi.

Unda asosan mahalliy sharoitlarga moslashgan sovuqlardan zararlan­may­digan turlar ekiladi. Arboretumda daraxtlarni iqlimlashtirish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi. Mazkur atamaga o‘zbek tilidagi muqobili etib, iqlimlashtirilgan bog‘ deyish ham mumkin.

Agrolesomelioratsiya -  (yunoncha  agros — dala; ruscha les – o‘rmon; lotincha melioratio — takomillashtirish) qurg‘oqchilik, quruq issiq shamol, garmsel, tuproq deflyatsiyasi va qumlarni ko‘chishi tog‘larda tuproq eroziyasi, tog‘ yonbag‘irlarida   ko‘chkilar  va sel oqimlarini oldini olish hamda iqlimni hamda tuproq sharoitlarini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan o‘rmonchilik, agrotexnik va gidrotexnik chora-tadbirlar majmuasi.

Zirk – forscha so‘z bo‘lib, qizil va achchiq mevali o‘simlik. Zirkni o‘zbek tilida “qaraqand” ham  deb atashadi. Rus tilida barbaris deb nomlanadi.

Zirk - tog‘larda o‘sadigan ko‘p yillik tikanli buta va uning hosili zirkdoshlar oilasiga mansub dorivor va manzarali  o‘simliklar bo‘lib, yer yuzining moʻtadil iqlimli mintaqalarda tarqalgan.

Zirk mevasi va ildizida qon bosimini pasaytiruvchi “berberin” alkaloidi mavjud. Markaziy Osiyoda tarqalgan 8 ta zirk turidan 3 tasi O‘zbekiston florasida uchraydi.

Zirk mevasi sharbati qonni zaharli moddalardan tozalaydi, qon bosimini pasaytiradi hamda o‘tni haydaydi.

 Quritilgan mevalari ziravor sifatida foydalaniladi va konditer sanoatida ishlatiladi. Bundan tashqari qizil zirk va tangasimon zirk turlari mavjud bo‘lib, barcha zirk turlari asosan tog‘oldi va tog‘li xududlarda keng tarqalgan. Zirk turlari asosan urug‘idan ko‘paytiraladi.

Binar nomenklatura – lotincha so‘z bo‘lib, binarius — qo‘sh, qo‘shaloq — o‘simlik yoki hayvonning qo‘sh nom — turkum (hayvonlarda urug‘) va tur nomi bilan atalishi; qo‘sh ismlililik, o‘simliklarni ikki nom bilan atash tartibi.

Lotin tilida o‘simlik va hayvonlarni qo‘sh nom (Binar nomenklatura) bilan atash qabul qilingan. Bunda birinchi nom turkum nomini, ikkinchisi o‘simlikni morfologik belgisi, joy nomi, buyuk botanik olimlar nomlari bo‘lishi mumkin.

Bu tartib K.Linney tomonidan taklif etilgan. Macalan, Tulipaferganica (Farg‘ona lolasi): Tuli pa—turkum, ferganica — tur. Qo‘sh nom o‘zbek tilida ham qadimdan bor. Masalan, mas, mirza terak, baqa terak x.k. qo‘shma nomlar ko‘plab uchraydi.

Rekreatsiya - (lotincha recreatio “tiklanish”) aholining dam olishi uchun  ekologik sharoitlarni yaratish turlari. Rekreatsion o‘rmon deganda tabiiy resurslarning bir qismi bo‘lgan va insonlarni mehnatga qobiliyati va sog‘lig‘ini tiklovchi, insonlarni dam olishi va xordiq chiqarishini taʼminlovchi o‘rmon tushuniladi. Ularning iqtisodiy samaradorligi juda yuqori. Mazkur atama o‘zbek tilida dam olish maʼnosini beradi.

Bosket – (fransuzcha Bosquet; italyancha. Boschetto — o‘rmoncha, daraxtzor) to‘g‘ri geometrik shakllga ega yopiq daraxtzorlardan iborat, tirik devor sifatida ekilgan daraxt va butalardan iborat landshaft kompozitsiyasi hisoblanadi. Bosket ichkarisida favvoralar, gulzor, yashil teatrlar joylashishi mumkin.

Drenaj (fransuzcha drainage)  – yer zaxini quritish va sizot suvlari sathini pasaytirish uchun ishlatiladigan  zovurlar va trubalar tizimi.

Yerlarni drenajlash — qishloq xo‘jaligi melioratsiyasining muhandislik usuli; ekinlarning normal rivojlanishiga xalaqit beradigan ortiqcha tuproq-grunt suvlarini va suvda eruvchan zaharli tuzlarni tuproq qatlamlaridan chiqarib tashlash uchun quriladigan gidro texnika tizimi hisoblanadi.

Grunt suvlari to‘planib qoladigan yoki uning oqib ketishi qiyin bo‘lgan joylarda sho'rlanish va botqoqlanishga uchragan tuproqlarda drenaj barpo qilinadi. Bunday yerlarda drenaj qurish grunt suvlarining oqib ketishini va natijada tuproq qatlamining tadrijiy sho‘rsizlanishini, yuza grunt suvlari sathini pasaytirishni taʼminlovchi meliorativ kompleksning asosi hisoblanadi.

Sho‘rlangan qurg‘oqchil zonadagi rayonlarda gidrotexnik drenaj grunt suvlari sathini sho‘r yuvishni o‘tkazishga imkon beradigan chuqurlikkacha pasaytirish; drenajlanadigan tuproq-grunt qatlamidan sho‘r yuvishda suvda eriydigan zaharli tuzlarni chiqarib tashlash; chuchuklashtirilgan grunt suvlari sathini ildiz tarqaladigan tuproq qatlamini sho‘rlanishga olib kelmaydigan darajada saqlash kabilarni taʼminlaydi.

Mulcha – inglizcha so‘z bo‘lib, mulch – “yumshoq” maʼnosini bildirsa-da, ayrim adabiyotlarda “qoplash” maʼnosida qo‘llaniladi. Tuproq yuzasini berkitish uchun ishlatiladigan mulchalar asosan turli materiallar, jumladan maydalangan torf, organik o‘g‘it, kompost, yog‘och qirindisi hamda somonlardan tayyorlanadi.

Mulcha tuproq namligini uzoq vaqt saqlash va ularning bug‘lanishini oldini olishda xizmat qiladi.

Mulchalash o‘simlikning o‘sishi sharoitiga ijobiy taʼsir etadi. Xususan yer betidan namning jadal bug‘lanishini kamaytiradi, sutka davomida haroratning o‘zgarish amplitudasi muqobil bo‘lishini taʼminlaydi, yer betini suv yuvib ketishi va shamol uchirib ketishidan himoya qiladi, tuproq strukturasini saklash va yaxshilash imkonini beradi hamda tuprokda kechadigan biokimyoviy foydali jarayonlarni kuchaytiradi.  Buning natijasida o‘simlikning oziqlanishi yaxshilanadi va yer betini qatqaloq bosishdan saqlanadi.

Ulug‘ bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniy o‘z ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon va qadimiy yahudiy, sanskrit tillarini puxta o‘rgangan olimlarimizdan hisoblanadi.

U boshqa tillardan o‘z tiliga tarjima qilish jarayonida “Agar tarjimalarimizda ishlatgan so‘zlarimiz odatda ishlatilganiga to‘g‘ri kelmasa, maʼnolariga eʼtibor berilsin, chunki maqsad maʼnolarni bilishdir" deya taʼkidlaydi. Alloma aytganidek, maqolada keltirilgan ayrim atamalarga ishlatilgan izohlar o‘quvchilar fikri bilan tafovut qilishi mumkin. Lekin bergan izohlarimiz ilmiy izlanishlarimiz asosida keltirildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, qabul qilinayotgan konsepsiyalar sohani yana-da izchil taraqqiy ettirishga, milliy o‘zligimizni anglashimizga va hayotimizni barqarorlashuviga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda tilimizning yana-da sofligini asrash, yot tushuncha va atamalarining o‘z tilimizdagi muqobilini izlab topish, ularni isteʼmolga kiritish nafaqat tilshunoslar, balki har bir soha vakillari orasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Malika Abduhakimova,

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi

raisining maslahatchisi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti

Поделиться