O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘quv jarayonini tashkil etishning uslubiy masalalari

2021-05-05 | Jamiyat

Taraqqiyot yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘lib, jamiyat rivoji, sohalar yuksalishiga bevosita tahdid tug‘diradigan asosiy illat bu – korrupsiyadir.

Korrupsiya mulkiy munosabatlar, fuqarolik jamiyati va demokratiya institutlari, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta'minot va iqtisodiyot rivojlanishini nafaqat sekinlashtirib, balki fuqarolar tomonidan ta'lim sohasidagi o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishlariga ham to‘sqinlik qiladi. Bundan kelib chiqadiki, korrupsiyaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy  ta'siri natijasida investisiya oqimining kamayishiga, xalq farovonligining pasayishiga hamda ta'lim sifatining tushib ketishiga olib keladi.
 
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev juda ko‘plab ma'ruza va chiqishlarida loqaydlik, beparvolik, poraxo‘rlik, korrupsiya, soxtakorlik, mansab vakolatni suiiste'mol qilishga qarshi kurash butun jamiyatning maqsadiga aylanishi kerakligi to‘g‘risida gapirar ekan, “korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz” deya ta'kidlab, unga qarshi kurashishni huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilariga asosiy vazifa sifatida qo‘yadi. Bu illatni oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
 
Mazkur qonun bilan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta'minlashdan iborat ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
 
Tan olish kerakki, korrupsiyasiz jamiyatga boshlovchi eng asosiy shartlardan biri bu - yuksak huquqiy ong va huquqiy madaniyat, jamiyatdagi korrupsiyaga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishdir.
 
Huquqiy ong, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda uzluksiz va samarali targ‘ibot bilan aholini qonun hujjatlaridan xabardor qilib borish, ularda qonunga hurmat ruhini tarbiyalash, o‘z huquq va burchlarini anglatish orqali shaxsni kamol toptirish maqsad qilinadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishning dastlabki bosqichida kapital qurilish va ta'lim sohalarining tanlanganligi ham bejizga emas.
 
Shuni ta'kidlash lozimki, korrupsiyaga qarshi kurashishda, eng avvalo, ta'lim tizimiga e'tibor berish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, “Inson jamiyatni o‘zgartiradi, ta'lim esa insonni o‘zgartiradi” g‘oyasi bo‘yicha ta'lim tizimi orqali jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish mumkin.
 
Bir so‘z bilan aytganda, ta'lim tizimi orqali korrupsiyaga qarshi kurashish bu - davlat ta'lim standartlari doirasida ishlab chiqilgan va ta'lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi nuqtai nazarni shakllantirish, tinglovchilarning huquqiy savodxonligini oshirish va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan maxsus dasturlar asosida jamiyat va davlat manfaatlari yo‘lida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan  ta'limning maqsadli jarayonidir. Bu jarayonda korrupsiyaning salbiy drayverlari hisoblangan huquqiy nigilizm va huquqiy savodsizlikka chek qo‘yish, uning darajasini imkon qadar pasaytirish asosiy maqsad sanaladi.
 
Yoshlar orasida huquqiy nigilizmni bartaraf etish uchun esa, eng avvallo, bunday hodisalarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omillarni aniqlash lozim bo‘ladi. Bizningcha, huquqiy nigilizmni
vujudga keltiruvchi quyidagi bir necha omillarni sanab o‘tish mumkin:
 
ayrim yoshlarda huquqiy bilimlarning yetishmasligi;
 
yoshlar orasida amalga oshiriladigan ta'lim-tarbiya jarayoni ustidan samarali nazoratning o‘rnatilmaganligi;
 
respublikamizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tub mohiyati haqida yoshlarimizning yetarli darajada axborotlashtirilmaganligi;
 
yoshlar orasida huquqiy ong va madaniyatni targ‘ibot qilish natijalari yetarli tahlil qilinmayotganligi va bunda yoshlar fikrini o‘rganuvchi turli xil davlat va nodavlat tuzilmalarining yetarli tarzda tashkil etilmaganligi;
 
qonunga itoatkor shaxsni “davr qahramoni” sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur mafkuraviy va targ‘ibot tashviqot ishlarining yetarli emasligi;
 
Bizningcha, shu va boshqa muammolarni bartaraf etish, aholining oltmish foizini yoshlar tashkil etadigan aynan bizning mamlakatimizda dolzarb ahamiyatga ega.
 
Fikrmizcha, korrupsiyaga qarshi ta'lim faoliyatini tashkil etishda 3 ta muhim jihatni hisobga olish lozim:
 
amaldagi mavjud qonunchilik bo‘yicha bilimlarni shakllantirish;
 
murakkab korrupsiogen holatlarni yo‘q qilish bo‘yicha bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirish;
 
antikorrupsiyaviy mazmundagi ma'naviy qadriyatlarni rivojlantirish.
 
Korrupsiyaga kurash bo‘yicha ta'lim mazmuni shunday shakllantirilishi lozimki, korrupsiyaga nisbatan murosasizlik fashizm, ekstremizm yoki terrorizm kabi ijtimoiy illatlarga nisbatan murosasizlik darajasidan kam bo‘lmaslik kerak.
 
Hozirgi kunda o‘quv jarayonida kasbiy kompetentlikni shakllantirmaslikning imkoni yo‘q, chunki bunday ta'lim o‘z o‘rnida ishga layoqatlilik darajasiga, shu bilan birga mutaxasislarning uzoq muddatli kasbiy layoqatga ega bo‘lishiga, tinglovchilarning huquqiy kompetentligini oshirish orqali esa ta'lim sifatini oshirishga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Bunda o‘quv jarayoni auditoriyada o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari hamda auditoriyadan tashqari mustaqil ta'limdan iborat bo‘ladi.   
 
Korrupsiyaga qarshi kurash sohasida kompetentlikni shakllantirish jarayoniga nisbatan qo‘yiladigan asosiy pedagogik talablar esa fikrimizcha quyidagilardan iborat:
 
ularning kasbiy tayyorgarligi va korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi kompetentlikni shakllantirish jarayonini zamonaviy ijtimoiy jarayonlar bilan sinxronlash;
 
jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, shu bilan birga, o‘zgarayotgan ijtimoiy ongni, huquqiy jihatdan o‘zini anglashni hisobga olish;
 
jamiyatda kasbiy madaniyatning holatiga muvofiqlashtirish;
 
ta'lim, tarbiya va rivojlantirishga oid vazifalarga moslashuvchanlik;
 
o‘quv materiallari uchun tarkibini tanlashga ilmiy yondashuvni amalga oshirish;
 
o‘quv jarayonini tashkil etishni bo‘lajak kasbiy xizmat faoliyatining birmuncha yaqin shart-sharoitlariga bog‘lash;
 
korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi kompetentlikni shakllantirish jarayonida zamonaviy innovatsion-pedagogik texnologiyalarni qo‘llash;
 
nazariy bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlarni shakllantirish;
 
mavjud muammolar majmui bo‘yicha qiziqishlarni faollashtirish.
 
Mazkur talablarni ishlab chiqilishi, fikrimizcha, mutaxassislarni kasbiy tayyorlashda moslashuvchanlik va ijtimoiy tendensiyalar bilan bog‘lanish imkonini beradi.
 
O‘z o‘rnida mazkur talablar doirasida quyidagi ishlarni amalga oshirilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
 
Birinchidan,  korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tinglovchilarning kompetensiyalarini shakllantirishga qaratilgan pedagogik, psixologik va tashkiliy-ierarxik belgilar bilan xarakterlanadigan maqsadga yo‘naltirilgan o‘ziga xos talablarini ishlab chiqish. Jumladan, ta'lim tizimining barcha bosqichlaridagi davlat ta'lim standartlarida umumiy va kasbiy kompetensiyalarni belgilab berish lozim. Amaldagi davlat ta'lim standartlarida bu holat e'tiborga olinmagan. Ularga korrupsiyaga qarshi munosabatga doir muayyan bilim, ko‘nikma va malakani shakllantirilishi lozimligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritish orqali ta'lim standartlari o‘rtasida uzviylikni ta'minlash mumkin. Misol uchun, korrupsiyaviy xulq-atvorga nisbatan murosasiz munosabatga egalik,  qonunga hurmat bilan yondashish kabi umumiy kompetensiyalar, korrupsiyaviy xulq-atvorni aniqlash, unga baho berish, uning oldini olishda hamkorlik ko‘rsatish uchun layoqatlilik, normativ-huquqiy hujjat loyihalarini huquqiy ekpertizadan o‘tkazishda, shu jumladan, ularda korrupsiya yuzaga kelishi uchun shart-sharoit yaratilishiga sabab bo‘ladigan qoidalarni aniqlashda ishtirok etishga tayyorlik kabi kasbiy kompetensiyalar shular jumlasidandir.
 
Ikkinchidan, bo‘lajak huquqshunos kadrlarda korrupsiyaga qarshi kurash kompetentligining zamonaviy qiyofasini shakllantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish huquqi” fanini kiritish.
 
Ma'lumki, bo‘lajak huquqshunos kadrlarda korrupsiyaga qarshi kurash kompetentligining zamonaviy qiyofasini shakllantirish o‘quv-tarbiyaviy jarayonning tegishli shart-sharoitlari va talablarini taqozo qiladi. Bizningcha, huquqning alohida sohasi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish huquqi fanini kiritishlik huquqiy ongni, shu jumladan, tinglovchilarning antikorrupsiyaviy dunyoqarashini shakllantirishda, mutaxasislarning bu boradagi uzoq muddatli kasbiy layoqatga ega bo‘lishida, shu bilan birga tinglovchilarning korrupsiyaga qarshi kurashdagi huquqiy kompetentligini oshirishda o‘zining ijobiy samarasini beradi va bu boradagi barcha masalalarni o‘zida  aks ettirish imkoniyatini yaratadi.
 
Bundan tashqari, o‘quv auditorisida korrupsiyaga qarshi kurashi borasidagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishda quyidagi ta'lim texnologiyalari qo‘llanilishini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
 
mashg‘ulotni tashkil etishning interfaol shakllarini qo‘llash;
 
Kasbiy faoliyatga daxldor turli “ish o‘yin”larini tashkil etish;
 
“Hayotiy voqealar” asosiga qurilgan ssenariy bo‘yicha videoroliklar yaratish;
 
u yoki bu vazifalarga qarab, shart-sharoitlari o‘zgaradigan situasion masalalarni hal etish va tahlil qilish;
 
huquqiy kolliziyalarni birgalikda ko‘rib chiqish;
 
tajribali huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari bilan uchrashuvlar, tegishli mutaxassislar tomonidan master-klasslar o‘tkazilishini tashkil etish;
 
taqdimot materiallaridan foydalangan holda ma'ruza mashg‘ulotlarini o‘tkazish;
 
rad etib bo‘lmas faktlar, tahlillar asosida ilmiy maqolalar, tezislar, va ilmiy-ommabop materiallar tayyorlash.
 
Eng asosiysi bu borada imitatsion o‘qitish texnologiyasini qo‘llash.
 
Yuqoridagilardan kelib hulosa qilishimiz mumkinki, sanab o‘tilgan mazkur texnologiyalarni qo‘llash o‘zaro kommunikativlikni, shaxslar o‘rtasidagi aloqa va guruh hamkorligini ta'minlaydi, maqsadga yo‘naltirilgan fikrlashni rivojlantiradi, kasbiy faoliyatda antikorrupsiyaviy motivatsiyaga oid talablarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Qiziqarligi, ijodiyligi jihatidan tinglovchiga nisbatan katta hissiy ta'sir ko‘rsatishini inobatga olishimiz lozim.

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi

Поделиться