O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Elektron hukumat: amaliy ishlar, muammolar muhokama qilindi
2021-05-04 | Texnologiyalar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Administratsiya huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi tomonidan elektron hukumatni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiy etib, hayotimizga qulayliklar olib kirmoqda. Jumladan, taqdim etilayotgan ishonchli imkoniyatlardan biri “Elektron hukumat” jahon amaliyotida o‘zining afzalliklarini namoyon etib ulgurgan tizim hisoblanadi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, 2020-yil 5-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilinib, mazkur Strategiya doirasida hududlarni va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari belgilandi. bugungi kunda axborot tizimlari va resurslarini rivojlantirish borasida “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash yagona axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, ishga tushirildi. Eski tizimda ro‘yxatdan o‘tgan faol foydalanuvchilar ma’lumotlari yangi tizimga avtomatik migratsiya qilindi.
Tizim ishga tushganiga qisqa vaqt bo‘lganiga qaramay, bugungi kunda uning foydalanuvchilari soni 220 mingtaga ortib, 820 mingtaga yetdi. Hozirgi kunda ushbu tizimga davlat idoralari va tashkilotlarning 60 dan ortiq axborot tizimlari va resurslari integratsiya qilingan. Davlat organlarida elektron hukumatning joriy etilgan va joriy etilayotgan axborot tizimlari hisobini yuritish va monitoringini olib borish, shuningdek, loyiha-texnik hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonini elektron shaklga o‘tkazish imkoniyatini yaratish maqsadida Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqilib, ishga tushirildi.
Tadbirda Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri – cs.egov.uz axborot tizimining yangi talqini ishlab chiqilib, sinov tariqasida ishga tushirilgani qayd etildi. Ushbu tizimning asosiy maqsadi – elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat idoralari axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi doirasida yagona talablarga muvofiq zamonaviy ma’lumotnomalar va tasniflagichlarni shakllantirish, saqlash, yangilash va ta’minlashdan iborat. bugungi kunga kelib registrda 13 ta tashkilot tomonidan 41 ta klassifikator kiritilgan.
Anjumanda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, xalqimizga elektron davlat xizmatlaridan masofadan foydalanishni yanada yengillashtirish maqsadida 2020-yil dekabr oyida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini o‘z faoliyatini boshladi. Portalga bir necha yangilik va o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, 20dan ortiq yangi xizmat turlari joriy etildi, elektron to‘lov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik ma’lumotlar yanada aniq va kengroq yoritildi. 2020 yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, bugungi kunda portaldagi jami elektron xizmatlar soni 216 tani tashkil etmoqda.
Shuningdek, Yagona portalning mobil talqini ham ishga tushirilib, unda 30 dan ortiq davlat xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida hududlarda pochta aloqasi bo‘linmalarida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi.
Shundan kelib chiqib, olis va chekka hududlardagi 300dan ortiq pochta aloqa ob’ektida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanilgan holda 17 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatila boshlandi.
Tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ochiq ma’lumotlar portalining yangi talqini ishlab chiqilayotgani qayd etildi. Ushbu yangilangan portal davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini nazarda tutadi va ma’lumotlarni o‘z vaqtida yangilashning monitoring tizimini ta’minlaydi. bugungi kunga qadar portalda 149 ta davlat idorasi tomonidan 11 mingdan ortiq ma’lumotlar to‘plami joylashtirilgan bo‘lib, ulardan foydalanishlar soni 7,5 milliondan ortiq.
Shuningdek, davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda hududlarning raqamli rivojlanishi holatlarining “diagnostikasi”ni o‘tkazish, muammoli masalalarni aniqlash va hal qilish choralarini ko‘rish maqsadida maxsus baholash metodikalari ishlab chiqildi.
Mazkur metodika doirasida davlat organlarida raqamlashtirish darajasini reytingli baholashni avtomatlashtirilgan tarzda olib borish hamda raqamlashtirish holati yuzasidan dolzarb ma’lumotlar bir joyda saqlanishiga qaratilgan nis.uz idoralararo avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy qilindi. 2020 yil dekabr oyida ushbu metodika asosida baholash jarayoni amalga oshirildi.
Baholashda 59 ta davlat va 48 ta xo‘jalik boshqaruvi organlari, jami 107 ta tashkilot ishtirok etdi. Baholash natijasiga ko‘ra davlat organlari orasida 16 ta (27,1%) tashkilot “yaxshi”, 9 ta (15,3%) tashkilot “qoniqarli”, 34 ta tashkilot (57,6%) “qoniqarsiz” baho olgan. Xo‘jalik organlari orasidan “yaxshi” bahoni 5 ta (10,4%) tashkilot, “qoniqarli” bahoni 12 ta (25%) va “qoniqarsiz” bahoni 31 ta (64,6%) xo‘jalik organi olgan.
Shu bilan birga, mamlakatimiz hududlarida raqamli infratuzilma, raqamli iqtisodiyot va raqamli ta’lim darajasi holati yuzasidan o‘tkazilgan baholashda jami 203 ta tuman va shahar ishtirok etdi. Baholash natijasiga ko‘ra, 28 ta tuman va shahar “yaxshi”, 59 ta tuman va shahar “qoniqarli”, 116 ta tuman va shahar “qoniqarsiz” bahoga ega bo‘lgan.
Hozirgi kunda baholash natijalariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan tegishli o‘rganish ishlarini tashkillashtirish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumani davomida mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirishdagi mavjud dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining xalqaro indekslar ko‘rsatkichlari asosida mamlakatlarning elektron hukumat rivojlanishini baholash metodologiyasi, elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba borasida ham so‘z yuritildi.
M.Komilova
Manba: O'zA