Joriy yilning 3-may kuni Ar-Riyod shahrida Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih hamda O‘zbekiston tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir o‘zaro manfaatli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutgan holda, yirik Saudiya Arabistoni kompaniyalari va sanoat xoldinglari orasidan bo‘lajak sheriklar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqan S.Umurzakov O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yo‘lida o‘ziga ishonch bilan qadam bosib kelayotganligini hamda iqtisodiyotning shaffofligini oshirish va jahon iqtisodiy makoniga integratsiyalashuvni davom ettirishni maqsad qilib qo‘yganligini ta'kidladi. Shuningdek, u Saudiya Arabistoni kompaniyalarini O‘zbekistonda ishbilarmonlik bilan shug‘ullanish uchun joriy etilgan noyob imkoniyatlardan foydalanishga taklif etdi va tegishli masalalarni hal etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Saudiya delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik rivojlanishining yuqori dinamikasini va O‘zbekistonga investitsiyalar kiritish uchun sezilarli ishga solinmagan salohiyat mavjudligini ta'kidlab, Saudiya Arabistoni kompaniyalarini o‘zbekistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga chaqirdi.
Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari taqdimotlar shaklida o‘z kompaniyalari haqida so‘zlab berdilar va O‘zbekistonda faoliyat yuritish bo‘yicha o‘z tasavvurlarini bayon qildilar. Shuningdek, ular hamkorlik qilish uchun ustuvor yo‘nalish va tarmoqlar hamda qo‘shma loyihalar doirasida sheriklik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish mexanizmlari haqida fikrlarini bildirdilar.
Ayrim Saudiya Arabistoni tadbirkorlari Respublikada biznes yuritishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Jumladan, davra suhbati doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Al'-Radjxi Interneshnl” kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi