O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Parkentda bir guruh sport fidoiylariga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi
2021-05-04 | Sport
Xalqimizda yoshi ulug‘larni eʼzozlash, ularga hamisha hurmat ko‘rsatishdek umuminsoniy qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Bugungi kunda turli sohalar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarga eʼzoz va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Jumladan, sport sohasida ham. Kuni kecha Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligida 12 nafar sport faxriylariga “O‘zbekiston sport faxriysi” unvoni hamda ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylar kengashining raisi Bahodir Maxsitov va bir guruh Kengash aʼzolari, Parkent tumani xokimi Shohrux Shoahmedov, Toshkent viloyati Turizm va sport boshqarmasi masʼul xodimi Komiljon Odilov, sport faxriylari, yosh sportchilar, murabbiylar hamda tuman aholisi qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan B.Maxsitov Toshkent viloyatida jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash, ular orasida jismoniy madaniyatni shallantirish borasida jonbozlik ko‘rsatgan sport fidoyilarining xizmatlarini yuksak darajada eʼtirof etdi. Eʼtiborlisi, bu fidoiylar bugungi kunda ham aholiga o‘rnak bo‘lib kelishmoqda.
Shundan so‘ng sport jonkuyarlari Mirzarahim Haydarov, Arslon Tojiboyev, Sharofiddin Maxsumov, Xoldor Ergashev, To‘lqin Bo‘riyev, Xusomiddin Hasanov, Vladimir Besenbayev, Dalaboy Karimov, Akmal Azimov, Husniddin Usmonov, Husniddin Ernazarov hamda Mirmahmud Mirabdullayevlarga “O‘zbekiston sport faxriysi” unvoni hamda ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi