Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan
Joriy yilning 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Podshohligi atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vaziri Abdulrahmon al-Fadliy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yuqori texnologiyali issiqxonalar va ishlab chiqarish obyektlarini barpo etishga investitsiyalarni kiritish uchun Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalarini jalb etishda ulkan salohiyat mavjudligini qayd etdilar. Tayyor mahsulotlarni ularga talab yuqori bo‘lgan bozorlarga eksport qilish ham mumkin bo‘ladi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalarini aniq investitsiya takliflarini amalga oshirishga jalb etish uchun loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni tizimlashtirishga kelishildi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasida munosabatlarni faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kelgusida birgalikda ishlashga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Bu borada tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishini olqishladilar.
Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha kelgusida hamkorlik qilish algoritmlari belgilandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi