Joriy yilning 3-may kuni O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Mehnat va ijtimoiy taraqqiyot vazirligi hamda Davlat investitsiya jamg‘armasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida mehnat munosabatlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shu o‘rinda ikki mamlakat iqtisodiy tarmoqlari kesimida malakali mehnat resurslariga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqib, mehnat masalalari bo‘yicha amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzolash orqali O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish zarurligi ta'kidlandi.
Mehnat munosabatlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni tizimlashtirish maqsadida Saudiya Arabistoni Podshohligida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining vakolatxonasini ochish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Saudiya Arabistoni Podshohligi Davlat investitsiya Jamg‘armasi rahbariyati bilan muzokaralar chog‘ida investitsiyaviy, energetika, moliyaviy-texnik sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar “ACWA Power” kompaniyasi bilan birga energetika sohasida loyihalarni amalga oshirishda erishilgan yutuqlar, shuningdek, yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni ijobiy qayd etdilar.
Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish borasida O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasining To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Saudiya Arabistoni Jamg‘armasi rahbariyatining fikricha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bir paytda O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish – hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi.
Muzokaralar yakunida Jamg‘arma rahbariyati hamda O‘zbekistonning asosiy vazirliklari va idoralari rahbarlari ishtirokida muntazam uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan investitsiyalar sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning optimal imkoniyat va yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Ma'lumot uchun: Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi umumiy aktivlari 390 mlrd dollarga teng bo‘lgan dunyoning eng yirik suveren investitsiya jamg‘armalaridan biri hisoblanadi. Jamg‘arma 1971-yilda Saudiya Arabistoni milliy iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. Jamg‘arma tashkil etilganidan buyon Podshohlikning asosiy investitsiyaviy vositasi bo‘lib, neftni qayta ishlash, neft' kimyosi, energetika, telekommunikasiya va boshqa sohalardagi strategik loyihalarni moliyalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 2014-yildan beri Jamg‘armaga Podshohlik ichida va tashqarisida yangi loyihalarni moliyalashtirish vakolati berilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi