O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oltin qalam” – ijodiy izlanish uchun keng imkoniyat
2021-05-04 | Jamiyat
Har bir ijodkor o‘z faoliyatini tahlil etadi, xolislik, haqqoniylik tarozisiga solib ko‘radi. Shu ma’noda “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun o‘tkazilayotgan xalqaro tanlov ommaviy axborot sohasi xodimlarini o‘z ijodiga yana bir karra teran nazar tashlash, sarhisob etish, izlanishdan, olg‘a intilishdan charchamaslikka da’vat etayotgani bilan ahamiyatlidir.
Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida jurnalistika sohasidagi "Oltin qalam" XV milliy mukofoti g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari Xolmurod Salimov mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, keng qamrovdagi yangilanish jarayonlari milliy jurnalistika sohasida ham o‘zining yorqin ifodasini topayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari ommaviy axborot sohasidagi yangi imkoniyatlarga eshik ochmoqda. Keyingi yillarda milliy media sohani rivojlantirish yuzasidan ko‘plab amaliy ishlarga qo‘l urildi. Jurnalistika ravnaqini ko‘zlovchi ezgu tashabbuslar hayotga faol tatbiq etilmoqda. So‘z va matbuot erkinligi bosma nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlari, media sohaning barcha jabhalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Ayni damda erkinlik mas’uliyatini his etish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Prezidentimizning "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, media sohada yangi tizim yaratildi.
Barcha vazirlik va idoralar, tuzilmalar tarkibidagi matbuot xizmatlari faoliyati yanada jonlandi. Ular tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, media turlar muntazam o‘tkazilmoqda. Jamiyatdagi muammolarga tezkor munosabatlar bildirilmoqda.
Oxirgi yillarda yurtimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy internet nashrlari tashkil etildi. Ular tegishli axborotlar bilan birga eng muhim rasmiy xabarlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda. Muhimi, ommaviy axborot vositalari joylardagi muammo va kamchiliklarni bugun baralla aytmoqda. Ularning samarali yechimiga yo‘l topilishiga media tuzilmalar faol va munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugun mamlakatimizda 1,8 mingdan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 60 foizdan ortig‘ini nodavlat media tuzilmalar tashkil etadi. Internet tarmog‘ida ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan veb-saytlar soni 630 taga yetdi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi tomonidan o‘tkazilayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov yurtimiz jurnalistikasini yanada rivojlantirish, ijodkorlarni o‘z ustida ishlashga da’vat etmoqda. Milliy media olamida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan "Oltin qalam" mukofoti uchun tanlovda o‘tgan yillar mobaynida 7 mingdan ortiq jurnalist 107 mingga yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik ishlari bilan qatnashdi. Ishtirokchilardan 290 nafardan ortig‘i tanlov g‘olibi bo‘ldi. 2020 yilda tanlov pandemiya sababli o‘tkazilmadi.
Joriy yilda tanlovni o‘ziga xos formatda o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, "Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun" rag‘batlantiruvchi nominatsiya asosiy mukofotlar sirasiga kiritildi. Yana bir o‘zgarish – tanlovga taqdim etilgan materiallarning elektron shaklini uyushmaning journalist.uz veb saytida ochilgan "Oltin qalam – 2021" bo‘limiga joylashtirish, uni besh balli tizim bo‘yicha baholash yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda ishtirokchilarning ishlari ommaviy axborot vositalari, media tuzilmalar, sohaga kadr yetishtiruvchi oliy o‘quv yurtlari, axborot xizmatlari tomonidan baholab borildi.
Bu yilgi tanlovda 430 ga yaqin jurnalist uch mingdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. So‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, yuksak professionalizm, ijodga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida ishlar baholandi. G‘olib va sovrindorlarni aniqlash, ya’ni yakuniy xulosaga kelishda tanlov nizomida belgilanganidek, uyushma saytida amalga oshirilgan baholash natijalariga ham tayanildi.
Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash "Ilhom" jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
...“Turkiston” saroyida “Oltin qalam – 2021” tanlovining g‘oliblari nominatsiyalar ketma-ketligida e’lon qilindi. Bosh mukofotga Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlari, islohotlar samaralari keng yoritilgani, gazetada e’lon qilingan dolzarb, tahliliy-tanqidiy ruhdagi materiallar jamoatchilik e’tiborini qozongani uchun “Yangi O‘zbekiston” gazetasi hamda Vatanimizning ichki va tashqi siyosati mazmun-mohiyatini keng yoritishga, xalqaro hayotda mamlakatimiz imijini oshirishga qo‘shib kelayotgan hissasi uchun “Dunyo axborot agentligi munosib topildi. Ularga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev topshirdi.
– Mamlakatimizdagi islohotlar xalqimiz, ayniqsa, matbuot sohasi vakillarini yanada faol, fidoyi bo‘lishga chorlayapti, – dedi “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorov. – Ijodiy jamoamizning “Oltin qalam” mukofotiga munosib topilishi bizga bildirilgan yuksak ishonchdan darak beradi.
– Bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari jahonning e’tiboriga tushdi, – dedi “Dunyo” axborot agentligi direktori Sadriddin Suyarov. – Keng qamrovdagi bu ijobiy o‘zgarishlar insonparvarligi, xalqchilligi, ijtimoiy yo‘naltirilgani sababli ham xalqaro miqyosda tobora yuksak e’tirof etilmoqda. Ayni islohotlarni batafsil yoritib borish ommaviy axborot vositalari sohasi vakillaridan katta mas’uliyat, salohiyat, zamon shiddatiga mos bo‘lgan tezkorlikni, izlanuvchanlikni talab etmoqda.
Tadbirda tanlovning barcha nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarga maxsus statuetka, diplom va pul mukofotlari tantanali topshirildi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.
Manba: O'zA