O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saudiya Arabistonidan munosabat: Biznesda amaliy ish va natijalar muhim. Aynan shu narsani biz O‘zbekistonda topdik
2021-05-03 | Iqtisodiyot
O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abunayyan bilan muzokaralar o‘tkazdi
Uchrashuv avvalida suhbatdosh 201- yil dekabr oyida “ACWA Power” kompaniyasining vakili ilk bor O‘zbekistonga amalga oshirgan safarini va uning doirasida birlamchi muzokaralar o‘tkazilganini katta iliqlik bilan esladi. Undan keyingi tashrif va kelishuvlarda O‘zbekiston hukumatining Podshohlik investorini qo‘llab-quvvatlab, qisqa vaqt ichida Davlat-xususiy sheriklik asosida qator investitsion loyihalar imzolandi. Koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, “ACWA Power” kompaniyasi Toshkent va Sirdaryoda o‘zining ofislarini ochib, respublikamizdagi loyihalarni amalga oshira boshladi.
Sirdaryoning Shirin shahrida quvvati 1500 MVtga teng issiqlik elektr stansiyasi ($1,2 mlrd.), muqobil energiya sohasida Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi ($1,3 mlrd.) qurish bo‘yicha investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash masalasi muhokama qilindi.
“ACWA Power” raisi kompaniya yangi keng ko‘lamli investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali O‘zbekistonda o‘z ishtirokini kengaytirish niyatida ekani va yaqin kelajakda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham umumiy quvvati 1,5 GVtgacha bo‘lgan yangi shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha rejalar bilan o‘rtoqlashdi.
“ACWA Power” O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarining “darvozasini” ochib bergan kompaniya bo‘ldi, deb taʼkidlandi.
Muhammad Abunayyan 2021-yil yanvar oyida Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri doktor Xolid Al-Falih boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini esladi. Jumladan, Buxoroda o‘tkazilgan investitsion forum hamda Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lgan uchrashuv juda ham mazmunli va natijador o‘tganligini taʼkidladi. O‘zaro aloqalarni so‘nggi ikki yilda va koronavirus pandemiyasiga qaramasdan izchil surʼatlarda rivojlanishiga ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va ularning uzoqni ko‘rib ish qilayotgan siyosatining namunasi, deb eʼtirof etildi.
Muhammad Abunayyan O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi etib saylanganligi va hozirda bu masʼuliyatli vazifani to‘laqonli ado etib kelayotganligi taʼkidlandi. Ishbilarmonlar kengashi faoliyati muhokama doirasida sog‘liqni saqlash, neft-gaz sohasi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi