O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Xitoy: Qayta tiklanuvchi va muqobil energiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2021-05-03 | Iqtisodiyot
Xitoyning Guanchjou shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Fuszyan provinsiyasi savdo departamenti taklifiga muvofiq “Markaziy Osiyo bozorini targ‘ib etish” mavzusidagi onlayn-konferensiyada ishtirok etdi
Tadbir Fuszyan provinsiyasi savdo departamenti, Xitoy tashqi ishlar vazirligi Fuszyan provinsiyasi byurosi hamda “Sinoshur” (Sinosure) Xitoy eksport kreditlarini sug‘urta qilish davlat korporatsiyasi Fuszyan bo‘linmasi tomonidan tashkil etildi.
Mazkur provinsiya Xitoyning xorijiy mamlakatlar uchun birinchi ochiq provinsiyasi hisoblanadi, u 220 davlat va hudud bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik o‘rnatgan. Hududning qariyb 6 ming 200 korxonasiga chet el kapitali yo‘naltirilgan. Mintaqada yuqori texnologiyalar asosida faoliyat yuritadigan 3,8 mingta korxona va 26 ta asosiy sanoat klasteri mavjud. Dunyodagi sanoat robotlarining har 5 tadan 1 tasi, avtomashinalar oynasining har 4 tadan 1 tasi ushbu mintaqada ishlab chiqariladi. Mintaqaning 2020 yilda Markaziy Osiy davlatlari bilan savdo aylanmasi 4,73 milliard yuanni (740 million AQSH dollari) tashkil etdi.
Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o‘zaro tovar aylanmasini oshirish va yangi sarmoyalar jalb qilish, temir yo‘l orqali savdo aloqalarini jadallashtirish va shu kabi qator masalalar yuzasidan maʼruzalar va taqdimotlar namoyish etildi.
Xususan, shamol taʼsirida energiya hosil qiluvchi parraklar ishlab chiqaruvchi Goldwind International kompaniyasi bosh menejeri Sun Lyanxuaning kompaniya ish ko‘lami, amalga oshirayotgan ishlari va kelajakdagi loyihalari xususida qilgan maʼruza va taqdimoti tadbir ishtirokchilarida ayniqsa katta qiziqish o‘yg‘otdi.
O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, kelgusida ushbu kompaniya bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, respublikamiz hududlariga shamoldan energiya oluvchi qurilmalar o‘rnatilishiga ko‘mak berish istiqbollari o‘rganilmoqda.
Onlayn-tadbirda mamlakatimiz viloyatlari va Fuszyan provinsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi