O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Janubiy Koreyada o‘zbek tilini o‘rgatishga eʼtibor kuchaytirilmoqda

2021-05-03 | Ta’lim

Hankuk xorijiy tillar universiteti tomonidan tashkil etilgan “Janubiy Koreyada maxsus chet tillarni o‘qitish va madaniy almashinuv mavzusidagi elchilar birinchi forumi”da mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi faol ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad Koreya Respublikasidagi maxsus chet tili taʼlimining hozirgi holati, uni yana-da keng yoyish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish hamda keyingi avlod olimlariga maxsus tillar va madaniyatlarni teran tushunish borasida ko‘mak ko‘rsatish bilan izohlanadi.

Onlayn va offlayn shakllarda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda Hankuk xorijiy tillar universiteti va Xalqaro taʼlim milliy instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarboyjon, Turkiya, O‘mon, Hindiston, Indoneziya, Tailand, Braziliya, Portugaliya, Polsha va Keniya singari mamlakatlarning diplomatiya vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchixonasi vakili o‘z chiqishida o‘zbek tilining ko‘hna va boy tarixi hamda yurtimizda ona tilimizni davlat tili sifatida har tomonlama rivojlantirish va uning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yana-da yuksaltirish masalasiga katta eʼtibor qaratilayotgani to‘g‘risida atroflicha to‘xtaldi. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020-yil 20-oktyabrida eʼlon qilingan “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarining mazmun-mohiyati haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda jahon miqyosida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni 50 million kishiga yaqinlashib qolgani, bu esa ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda joylashgan 60 ga yaqin universitet va 100 dan ziyod maktabda o‘rganilayotgani, o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilarning safi yil sayin kengayib borayotgani ham eʼtirof etildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “O‘zbek tilining do‘stlari” klublari tashkil qilinayotgani forum ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi. 

Forum doirasida Hankuk xorijiy tillar universiteti qoshida tashkil etilgan Maxsus chet tillarini o‘qitish markazi direktori Chong Jin Oganing “O‘zbek tili. Xorijliklar uchun” o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi. O‘zbekiston tomoni ushbu markaz bilan o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yana-da kengaytirishga tayyor ekanligi bildirildi.

O‘z navbatida, markaz direktori taqdim etilgan mazkur o‘quv qo‘llanmasi o‘zbek tilini zamonaviy uslubda intensiv o‘rgatishga xizmat qilajagini qayd etar ekan, O‘zbekiston tomoni bilan faol hamkorlik tobora rivojlanib borayotganidan mamnuniyat izhor etdi.  

Ushbu markaz Koreya Respublikasining 2016-yil 3-fevralda qabul qilingan “Maxsus chet tillarini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi” qonuni ijrosi doirasida tashkil etilgan, - dedi professor Chong Djin O. - Taʼlim vazirligi va Xalqaro taʼlim milliy instituti tomonidan milliy taraqqiyot uchun strategik yondashuv talab etiladigan maxsus xorijiy tillar sifatida markazimizda o‘qitish uchun tanlangan dastlabki 11 davlat tillari orasida o‘zbek tilining ham mavjudligi Janubiy Koreya hukumati mamlakatimizda o‘zbek tilini o‘rgatishga katta eʼtibor qaratayotganidan dalolatdir.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться