O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Mehr-5” operatsiyasi: muborak Ramazon oyida O‘zbekiston rahbariyati xayrli ishni amalga oshirdi

2021-05-01 | Jamiyat

O‘zbekistonga “Mehr-5” operatsiyasi doirasida «Uzbekistan Airways» AJning maxsus samolyotida Yaqin Sharqdagi “qaynoq nuqtalar”dan 93 nafar ayollar va bolalar olib kelindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson manfaatlarini himoya qilishga, uning haq-huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga katta e’tibor berilmoqda.

Zero, har bir O‘zbekiston fuqarosi davlat himoyasida ekani Bosh qomusimizda o‘zining mustahkam ifodasini topgan.

Shu ma’noda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra va bevosita nazorati ostida xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarimizga ko‘mak berish, ularni mamlakatimizga qaytarish hamda jamiyatimizga to‘laqonli moslashishini ta’minlash bo‘yicha “Mehr” insonparvarlik operatsiyalari amalga oshirib kelinmoqda.

Bugungi kungacha o‘tkazilgan “Mehr 1, 2, 3, 4” operatsiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg‘onistonda og‘ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 438 nafar ayollar va bolalar mamlakatimizga olib kelindi.

Ta’kidlash lozimki, bir vaqtlar turmush o‘rtog‘i yoki otasining qistovi yoxud ta’siri ostida “olovli nuqtalar”ga borib qolgan, bugun esa davlatimiz sa’y-harakatlari bilan Vatanga qaytarilgan bu insonlar mamlakatimiz, bag‘rikeng xalqimiz g‘amxo‘rligi va e’tibori ostida tinch-osuda hayot kechirmoqda. Hayotga yangicha ko‘z, yangicha yondashuv bilan qaramoqda.

Muborak Ramazon oyida ham AQSH va boshqa hamkor davlatlar ko‘magi bilan amalga oshirilgan “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriya hududidagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalarga” borib qolib, “Al-Xol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayollar va 69 nafar bolalar O‘zbekistonga qaytarildi.

Ta’kidlash lozimki, bu ayollar mutaassiblik natijasida terrorchilik yo‘liga kirgan turmush o‘rtoqlarining undovi bilan Suriyaga borgan va erlarini janglarda yo‘qotib, o‘zlari beva, farzandlari esa yetim qolgan.

Shuningdek, Vatanga olib kelinganlar orasida ham otasini, ham onasini yo‘qotgan ¬¬¬7 nafar yetim bola bor.

Achinarlisi, taqdirning achchiq qismatiga duch kelgan bu vatandoshlarimiz hayot kechirish uchun zarur bo‘ladigan eng oddiy sharoitlardan mahrum holatda yashashga majbur bo‘lgan.

Endilikda bu ayollar va bolalar Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sanatoriysiga joylashtiriladi hamda ularga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, hozirgacha faqat buguni bilan yashagan, har kecha joni hadikda, yana tong otishiga ishonmay uyquga yotgan 93 nafar inson bugundan e’tiboran ertangi kunga ishonch tuyg‘usi bilan, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi hayotda umr kechira boshlaydi.

Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini harbiy mojaroli zonalaridan olib chiqish bilan faol shug‘ullanayotgan kam sonli davlatlardan biri sanaladi.

Vatan - inson uchun eng ulug‘, eng muqaddas maskan. Bejizga uni onaga qiyoslashmaydi. Zero, har bir inson onasi bag‘rida, vatani quchog‘ida baxtiyor yashashi hayotning sinalgan haqiqatidir.

Manba: “Dunyo” axborot agentligi

Поделиться