O‘zbekiston delegatsiyasining Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida ishtiroki to‘g‘risida
2021-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov boshchiligidagi delegatsiya Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘z nuqtida delegatsiya rahbari shuni qayd etdiki, kuzatuvchi davlat maqomi O‘zbekistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi (EOII) integratsiya jarayonlarini xolislik bilan va har tomonlama o‘rganish, yanada yaqin hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochish imkonini beradi.
Ta'kidlandiki, bugungi kunda O‘zbekistonda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a'zo mamlakatlar sarmoyasi ishtirokida uch mingdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Shu yil 5-aprelda Toshkentda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi Sanoat siyosati bo‘yicha kengashining 3-yig‘ilishi o‘tkazilishi mamlakatimizning YeOII bilan hamkorligiga misol bo‘la oladi.
Yig‘ilish natijalariga ko‘ra Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma tadbirlar rejasi imzolandi.
Qozon shahrida bo‘lish asnosida O‘zbekiston Bosh vaziri YeOIIga a'zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati