Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlandi
Bugun Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori M. Mekachchi rahbarligidagi delegasiya a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘z olgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova so‘nggi yillarda mamlakatimizda oilalar hamda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta'lim olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish borasida qator ishlar olib borilayotganiligini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, davlat idoralari, banklar, siyosiy partiyalar bilan o‘zaro aloqalar, huquqbuzarlik sodir etgan va qamoqda saqlash joylarida jazo o‘tayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash masalalari xususida ma'lumot berib o‘tdi.
Janob M. Mekachchi ham o‘z o‘rnida YeXHT gender tenglik masalalariga alohida e'tibor qaratishi, YeXHT mamlakatlarida yangi "O‘zgarish" (Change) loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi to‘g‘risida ma'lumot berdi hamda mazkur loyiha doirasida vazirlik bilan qator yo‘nalishlarda faol hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Jumladan:
- ayollarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash sohasidagi strategiyani ishlab chiqish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ekspert yordamini ko‘rsatish;
- xotin-qizlar bilan ishlovchi mutahassislar, shu jumladan, keng jamoatchilik liderlari salohiyati va ayollarning raqamli savodxonligini oshirish;
- ayollarni onlayn tahdidlar, tuhmat, ayollarga qarshi hujumlardan himoya qilish, ularning oldini olish choralarini ko‘rish;
- qamoqxonalardagi ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalalari qayd etib o‘tildi.
Qizg‘in suhbat tarzida o‘tgan muloqot yakunida hamkorlik aloqalarini kelgusida yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi delegasiyasining yurtimizga tashrifi davom etmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi