Joriy yilning 29-aprel kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tadbirkor va eksportchilar muammolarini aniqlash va hal etish, shuningdek hududda ishbilarmonlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yo‘l oldi.
Komissiya a'zolari korxonalar va ishlab chiqarish ob'ektlarida bevosita bo‘lib, tadbirkorlar bilan ishlab chiqarishning hozirgi holatini hamda ichki va tashqi bozorda yuqori talab va qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan yangi mahsulot turlarini yaratishni o‘zlashtirish orqali korxonalarni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rgandilar. Shuningdek, ular sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish uchun qo‘shimcha zaxiralarni aniqlash bo‘yicha ham ishlarni olib bordilar.
Shuningdek, Komissiyaning joylardagi faoliyati doirasida ochiq muloqot tashkil etilib, unda viloyatning 150dan ortiq tadbirkor va eksportchilari qatnashdi. Jami, tadbir davomida 147 tadbirkordan 142 murojaat kelib tushdi. Shulardan 50 masala kredit resurslarini va 18 – yer uchastkalari ajratish, 14 – tegishli sertifikatlar, ruxsatnoma va lisenziyalar olish, 8 – sanoat ob'ektlarini muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulash, 4 – ilgari berilgan kreditlarni tarkibiy o‘zgartirish, shuningdek soliq, bojxona tartibga solish va boshqa sohalar bilan bog‘liq savollar ko‘tarildi.
Ko‘tarilgan barcha masalalar Komissiya a'zolari tomonidan atroflicha o‘rganilib, har biri bo‘yicha mas'ul ijrochilar va aniq muddatlar belgilangan holda samarali amaliy yechimlar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ishlab chiqilgan qarorlarning ijrosi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasiga esa Bosh prokuratura bilan birgalikda ushbu ko‘rsatmalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini nazorat qilish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi