O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro press-klub va «The Korea Times» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanadi
2021-04-30 | Iqtisodiyot
So‘nggi vaqtlarda Janubiy Koreyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari, xususan, ingliz tilida nashr etiladigan yirik gazetalardan biri - «The Korea Times» O‘zbekiston imijini targ‘ib qilishda mamlakatimiz elchixona bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Bugun mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi xodimlari «The Korea Times» gazetasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri. Unda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar, O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati mazmun mohiyatini xorijiy mushtariylar va Janubiy Koreya keng jamoatchiligi orasida targ‘ib qilishga qaratilgan turkum maqolalarni nashr etishga kelishib olindi.
Tomonlar, shuningdek, Xalqaro press-klub bilan «The Korea Times» gazetasi o‘rtasida imzolanishi rejalashtirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi Anglashuv memorandumi loyihasini muhokama qildi. Ushbu hujjat o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish, kelajakda mutaxassislarning o‘zaro tashriflarini amalga oshirishni o‘z ichiga oladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi