O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Gulnora Saidova: "Qilichbozlarimiz kelgusi Olimpiada o‘yinlarida medallar uchun kurashadi"

2021-04-29 | Sport

Bugun Turizm va sport vazirligida Tokio-2020 yozgi Olimpiada o‘yinlari litsenziantlari taqdirlanishganidan so‘ng, qilichbozlik bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan sportchilar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi Gulnora Saidova, terma jamoa murabbiylari Vladimir Nazlimov hamda Ruslan Kudayev, Tokio-2020 litsenziantlari Malika Hakimova, Sherzod Mamutov va Zaynab Dayibekova, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlash joiz, qilichbozlik bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida terma jamoamiz shu paytgacha faqat 3-marta, yaʼni Atlanta-96, Sidney-2000 va London-2012 Olimpiadalarida atigi bir nafar sportchi bilan ishtirok etgan.

Tokio-2020 uchun esa bir yo‘la 3 nafar sportchimiz Olimpiada litsenziyasiga ega bo‘lishdi. Xolbuki, ushbu Olimpiada sikli oldidan terma jamoamiz oldiga ikkita yo‘llanma qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan edi. Demak, vazifa ortig‘i bilan uddalandi.

Anjuman avvalida O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh kotibi G.Saidova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Tokio olimpiadasi aslida o‘tgan yili o‘tkazilishi kerak edi. Ushbu nufuzli musobaqaning bir yilga kechiktirilishi bizning foydamizga ishladi, desak xato qilmaymiz. Chunki, terma jamoamiz yana-da puxta tayyorgarlik ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, bizni quvontirgan jihat, mazkur Olimpiya o‘yinlariga sportchimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya litsenzion saralash turnirida g‘olib chiqib, Olimpiada yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan sportchilarimiz juda yosh va ularni oldinda yorqin kelajak kutib turibdi, deyishga haqlimiz. Bu safargi Olimpiya o‘yinlarida 3 nafar sportchi bilan qatnashish bizga cheksiz quvonch ulashayotgan bo‘lsa, keyingi Olimpiada musobaqalarida biz medallar uchun kurashishni maqsad qilib qo‘yganmiz".

Shuningdek, anjumanda qilichbozlik sporti afsonasi, 3 karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Vladimir Nazlimov Tokio Olimpiadasiga qanday tayyorgarlik ko‘rilishi haqida to‘xtalib o‘tdi:

"Olimpiada o‘yinlarigacha oldimizda hech qanday musobaqa qolmadi. Shu bois tayyorgarlikni o‘zimizda olib borsak kerak. Bunday nufuzli musobaqalarga siz uchun qayer qulay bo‘lsa, o‘sha yerda hozirlik ko‘rganingiz maʼqul. Bugungi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda Toshkentda qolish eng to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylayman. Chunki ko‘plab davlatlarda chegaralar yopilgan. Qolaversa, xorijda siz o‘zingizni uydagidek erkin his qilolmaysiz. Shu sababli xorijdan 4-5ta jamoani taklif qilib, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini o‘tkazishni ko‘zlab turibmiz.

Shu maqsadda Toshkentga Turkiya, Gruziya, Ukraina terma jamoalari va Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri jamoasini chaqirishni reja qilganmiz. Yaqinda «Yangiobod" sport bazasida mashg‘ulot o‘tkazdik va bu maskan yig‘in tashkil etish uchun eng qulay joy. Men Olimpiada o‘yinlarida g‘alaba qozonmaguncha O‘zbekiston terma jamoasidan ketmayman».

Tadbir davomida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari litsenziantlari ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться