O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
AQSH elchisi surxondaryolik talabalar bilan uchrashdi
2021-04-28 | Ta’lim
Surxondaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan yaqindan tanishish hamda o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama etish uchun kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Rozenblyum boshchiligidagi delegatsiya Termiz davlat universitetida bo‘ldi.
Uchrashuv mamlakatimiz ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida elchixonalarning hamkorligini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini yanada yuksaltirish uchun joylarda, xususan, Surxondaryoda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun liderlik va ingliz tili o‘quv kurslarini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi.
Delegatsiya a’zolarini Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov boshchiligidagi universitet rasmiylari kutib oldi. Uchrashuvda elchi janoblari Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan O‘zbekistonga kiritilayotgan investitsiyalar, AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan Termiz davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida so‘z yuritdi.
O‘tgan yili Termiz davlat universiteti bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilib, ikki tomonlama qator loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, ayni vaqtda bevosita elchixonaning sa’y harakatlari bilan Fulbrayt ingliz tili o‘qituvchi-assistenti dasturi doirasida Kristofer Kouen Termiz davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetida talabalar uchun amaliy o‘quv-mashg‘ulotlari hamda darsdan tashqari Speaking Slub faoliyatini olib bormoqda.
Universitetning ingliz tili va adabiyoti kafedrasi professor-o‘qituvchilari AQSHlik mutaxassislar bilan hamkorlikda Amerikan Studies (Amerikashunoslik) nomli o‘quv-qo‘llanma yaratish loyihasi ustida ishlamoqda. Xorijiy filologiya fakultetining 9 nafar professor-o‘qituvchisi Amerikaning universitetlari tomonidan tashkil etilgan onlayn kurslarda ham faol ishtirok etmoqda.
Muloqot chog‘ida elchi janoblari universitet rektoriga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari va yoshlar uchun maxsus loyiha doirasida ingliz tilini o‘qitish kurslarini tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Rektor bu istakni qo‘llab-quvvatlab, Amerikaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitishga mo‘ljallangan virtual platforma yaratish taklifini bildirdi.
Tadbir doirasida Daniyel Rozenblyum Termiz davlat universitetining iqtidorli talabalari bilan uchrashdi. Amerikadagi oliy ta’lim tizimi, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari xususida suhbatlashdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Daniyel Rozenblyum elchixona nomidan universitet kutubxonasiga ingliz tilini o‘qitish metodikasi va ingliz tilida chop etilgan badiiy kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yakunida Amerika Qo‘shma Shtatlari oliy ta’lim muassasalari va Termiz davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi. Delegatsiyaning viloyatdagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Manba: O'zA