O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ta’lim sifatini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha seminar tashkil etildi
2021-04-28 | Ta’lim
Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi vazifasi belgilangan edi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi ushbu vazifalarni amalga oshirishda mahalliy hokimiyat va ta’lim boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda bevosita joylarga chiqqan holda ish olib bormoqda.
Hozirgi kunga qadar respublikamiz ta’lim tashkilotlarida yoshlarga sifatli ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim sifati past, deb e’tirof etilgan umumta’lim maktablarida sifatni yaxshilash, ularni oliy ta’lim muassasalariga biriktirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Inspeksiya tomonidan joriy yil 27-aprel kuni Uchtepa tumanidagi 193-sonli tayanch maktabda ta’lim sifatini baholashga qaratilgan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Unda Xalq ta’limi vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Toshkent shahar hokimligi, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, A.Avloniy nomidagi ilmiy tadqiqot instituti, shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi, shahar o‘qituvchilar malakasini oshirish markazi mutasaddi rahbarlari, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha 15 ta tayanch maktabi direktorlari, trener-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etmoqda. Boshlang‘ich 4 sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash bo‘yicha asosiy tadqiqotlar joriy yilning aprel oyida 180 ta maktabda o‘tkazildi. Ushbu tadqiqot natijalari Ta’lim sohasidagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan 2022-yilda e’lon qilinadi. Yana bir tadqiqot – 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholashga yo‘naltirilgan PISA dasturining tajriba-sinovlari ayni kunlarda respublikamizdagi 84 ta maktabda o‘tkazilmoqda. PISAning asosiy tadqiqotlari esa 2022-yil aprel-may oylarida tashkil etiladi.
Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tgan yilda respublikamiz bo‘yicha 348 ta tayanch maktab belgilangan bo‘lib, ulardan 15 tasi poytaxtimizda joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirildi va trener-o‘qituvchilar guruhlari shakllantirildi.
Seminarda yurtimizda ta’lim sifatini oshirish va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha vazifalar to‘g‘risida so‘z bordi. Shuningdek, poytaxt maktablarida mavjud ta’lim sifati ko‘rsatkichlari ham tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtda ta’lim sifati yuqori bo‘lgan, ko‘plab ijobiy natijalarga erishayotgan maktablar talaygina. Biroq ayrim maktablardagi ta’lim sifatining bugungi holati qoniqarli darajada emas. Ayrim tayanch maktablar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmayapti. O‘tgan yilgi 10 foiz maktablarning milliy reytingi natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri respublikada 29,7 ball bilan 10 o‘rinni egallagan.
PISA talabi asosida o‘tkazilgan 2019-yildagi tadqiqotda Toshkent shahridagi maktablar 30,4 foiz natija bilan 14 ta hudud orasida 10 o‘rinda, 2020-yildagi tadqiqotda esa 31,9 foiz natija bilan eng oxirgi o‘rinda qayd etilgan.
Poytaxt maktablarida ta’lim sifatini oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha tashkilotlar hamkorlikda ishlashi, oliy ta’lim muassasalari tomonidan maktablar amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi. Seminarning ikkinchi qismida esa ishtirokchilar sho‘balarga bo‘lingan holda mahorat darslari o‘tildi.
Manba: O'zA