O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Guliston tumanida sektorlar rahbarlari uyushmagan yoshlar bilan uchrashdi
2021-04-27 | Yoshlar
Uchrashuvda har bir sektorda istiqomat qiluvchi uyushmagan yoshlar bir joyga jamlanib, tuman hokimi va qolgan sektor rahbarlari bilan yuzma-yuz, ochiq, oshkora va samimiy muloqotda bo‘ldi.
Tuman hokimi Sh.G‘afurov yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida sektor rahbarlari tomonidan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirildi. Bunda yoshlar tomonidan 150 dan ortiq murojaat yo‘llangan bo‘lib, shularning yuzdan ortig‘i o‘zining ijobiy yechimini topdi. Qolgan murojaatlar vaqt va mablag‘ talab qilganligi bois, ijrosi qatiy nazoratda turibdi. Yaqin fursatlarda ushbu murojaatlar ham o‘zining ijobiy yechimini topishi shubhasiz.
– Joriy yilning 1-chorak yakuniga ko‘ra, 1-sektor hududida 368 nafar, 2-sektor hududida 233 va 3-sektor hududida 288 hamda 4-sektor hududida 311 nafar, tuman bo‘yicha jami 1 ming 200 nafar yigit-qizning bandligi ta’minlandi, – dedi Guliston tumani hokimi Shavkat G‘afurov. – Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratilgan yoshlar 1-sektor hududida 40 nafar, 2-sektor hududida 36, 3-sektor hududida 12 va 4-sektor hududida 21 nafarni tashkil etmoqda. Bularning barchasi, yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir. O‘z tadbirkorligingiz, oilaviy biznesingizni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish niyatingiz bo‘lsa, yangi taklif, yangi g‘oyalaringiz bo‘lsa, biz, sektor rahbarlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
So‘ngra uchrashuvga kelgan yoshlar sektor rahbarlariga o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolari, o‘z navbatida, taklif, fikr va mulohazalarini ham bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar yozma ravishda qayd etilib, shu joyning o‘zida, masalaga bevosita mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, yechimi hududlar kesimida har bir sektor rahbarining qat’iy nazoratiga olindi.
Tadbirda ishtirok etayotgan 16 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
Sektorlar rahbarlarining yoshlar bilan uchrashuvlari hududlar kesimida davom etadi.
Manba: O'zA