Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 26-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Podshohligining (SAP) O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hisham bin Mishal al-Suvaylimni qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi joriy hamkorligining kun tartibi, ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamda kelgusi yuqori darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga, shuningdek, so‘nggi yillarda ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida erishilgan ijobiy natijalar va o‘zgarishlarga yuqori baho berdi.
Xorijiy diplomatik missiya rahbari O‘zbekiston Hukumatining ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasidagi say-harakatlariga ham yuqori baho berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomonining faol say-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yuqori dinamikaga ega bo‘ldi.
Joriy yilning yanvar oyida investisiyalar vaziri Xolid al-Falih boshchiligidagi Saudiya Arabistoni delegasiyasining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ko‘lami va ahamiyatini qayd etgan Elchi Saudiya Arabistoni tomonining ularni izchil amalga oshirishga sodiqligini takidladi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqbollari, jumladan, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston hukumati delegasiyasining Saudiya Arabistoniga tashrifini tashkil etish, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida maslahatlashuvlarning navbatdagi raundini, shuningdek, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi va Savdo, iqtisod, investisiyalar, texnika, madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi Hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishlarini o‘tkazish haqida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama kelishuvlar, qo‘shma loyiha va tashabbuslarning o‘z vaqtida va samarali ijrosini taminlash maqsadida muntazam muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi