O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Estoniya elektron hukumat akademiyasi bilan hamkorlik o‘rnatmoqda
2021-04-26 | Siyosat
O‘zbekistonning Estoniyadagi elchisi Qadambay Sultonov Estoniya Elektron hukumat akademiyasining (eGA) ijrochi direktori va boshqaruv raisi Xannes Astok bilan muzokaralar o‘tkazdi
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 5-oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston-Estoniya hamkorligining amaliy tadbirlari muhokama qilindi. Xannes Astokning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda elektron hukumatni joriy etish Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi islohotlar dasturining muhim elementlaridan biridir. Shu munosabat bilan «Raqamli O‘zbekiston-2030» amaliy chora-tadbirlarining uzoq muddatli strategiyani tasdiqlagan mazkur farmonning ahamiyati alohida qayd etildi.
U 14-17 aprel kunlari O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirishda yordam berilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Tashrif davomida eGA va O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida memorandum imzolandi. Hujjatda mamlakatimizda elektron hukumatni amalga oshirishda sheriklikning asosiy yo‘nalishlarini belgilangan.
Suhbat chog‘ida tomonlar BMTning elektron hukumat so‘rovida O‘zbekistonning mavqeini yaxshilashga va o‘zbekistonlik mutaxassislarni ushbu sohadagi Estoniya va boshqa mamlakatlarning ilg‘or tajribasi bilan tanishtirishga qaratilgan qo‘shma amaliy qadamlarni muhokama qildi.
eGA nodavlat shakldagi ekspert, tahliliy va konsalting tashkilotidir. U 2002-yilda elektron hukumat sohasida amaliy bilim va tajribani ommalashtirish uchun tashkil etilgan. eGA dunyoning 130 mamlakatida 200 dan ortiq tashkilot bilan ishlash va 5,5 mingdan ortiq davlat xizmatchisini tayyorlash bo‘yicha tajribaga ega.
Estoniya raqamlashtirish jarayonlarida dunyoda tan olingan yetakchi hisoblanadi. Mamlakatdagi davlat xizmatlarining 99 foizi raqamlashtirilgan. Maktablar va mahalliy hokimiyat organlari 100 foiz kompyuterlar bilan ta’minlangan. Bank operatsiyalarining 99 foizi elektron shaklda amalga oshiriladi. Tibbiy retseptlarning 98 foizi onlayn tarzda beriladi. Aholining 98 foizi shaxsiy elektron kalitlarga ega. Estoniyada soliq deklaratsiyalarining 95 foizi elektron shaklda taqdim etiladi, shuningdek, mamlakatda aholining 88 foizi internetdan muntazam foydalanadi. Mamlakat fuqarolarining 67 foizi esa internet orqali ro‘yxatga olishda ishtirok etdi. 2019-yilgi so‘nggi parlament saylovlarida 43,8 foiz saylovchi onlayn shaklda ovoz berdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi