O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi: Bu haftada O‘zbekiston Prezidentining Xitoy Raisi va Turkmaniston Prezidenti bilan muloqoti rejalashtirilgan
2021-04-26 | Siyosat
O‘zbekiston Prezidenti Administiratsiyasi rahbari o‘rinbosari - Matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun davlatimiz rahbarining joriy haftaga rejalashtirilgan ichki va tashqi siyosat bo‘yicha kun tartibi yuzasidan brifing o‘tkazdi
Xususan, ushbu haftada qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
«Davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan ushbu majlisda ikkita asosiy yo‘nalish o‘rin olgan, - dedi Sh.Asadov. - Birinchisi - ichki bozorni qurilish materiallari bilan yetarlicha ta’minlash, energiya samaradorligi orqali tannarxni tushirish, ikkinchisi - import tarkibini o‘rganib, ularning o‘rnini bosadigan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish, buning uchun yangi investitsiya loyihalarini shakllantirib, korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilinadi».
Bundan tashqari, hafta davomida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti tizimidagi transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi kutilmoqda.
Prezident Matbuot kotibiga ko‘ra, bu haftada, shuningdek, davlatimiz rahbarining Xitoy Raisi Si Szinpin va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotlari ham rejalashtirilgan.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi