O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga...
Bugun ushbu jo‘shqin satrlar muallifi Muhammad Yusufning tavalludiga 67 yil to‘ldi. Shu munosabat Andijon shahridagi shoir nomi bilan ataluvchi maktabda, uning yoru-birodarlari, shogirdlari hamda muhlislari ishtirokida ijodiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab keng jamoatchilik vakillari O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, hurmat bajo keltirildilar. Adabiy kecha davomida turli kasb egalari ishtirokida shoir ijodiga oid chellenj o‘tkazildi.
Shuningdek tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi raisi, shoira Hurshidabonu Qo‘chqorova, shoirning rafiqasi Nazira As-sallom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara Usmonovalar Muhammad Yusufning hayoti va ijodi haqida so‘z yuritdilar.
Shoirning samimiy, sodda tilda yozilgan she'rlari har bir insonni chuqur o‘yga chorlaydi. Vatanni, uning muqaddas tuprog‘ini sevishga undaydi. U o‘tli misralari bilan millionlab qalblarda Vatan suratini chiza oldi. Shoir o‘z she'rida “Mehr qolur, muhabbat qolur” deya e'tirof etgani bugun o‘z isbotini topayotganday. Uning mehr va muhabbat to‘la ulkan she'riyati yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan she'rxonlar tilidan tushmaydi, dillarida aks sado berib turibdi.
Manba: Аndijоn vilоyati hоkimligi