O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Navoiyda o‘tkazilgan kooperatsiya sanoat yarmarkasi hamkorlar topishga ko‘makchi bo‘ldi

2021-04-26 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 22-24-aprel kunlari Navoiy shahridagi “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida viloyatda faoliyat yuritayotgan yirik sanoat korxonalari tomonidan respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Metallurgiya, mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati va qurilish materiallari sohasida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish salohiyatiga ega mahalliy korxonalar hamda ular bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan mazkur sanoat yarmarkasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra 600 ga yaqin yetakchi sanoat korxonasidan vakillar, tadbirkorlar, shuningdek, 150 taga yaqin korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan ishtirok etdi.

Tadbirning birinchi kuni ishtirokchilar Navoiy viloyatidagi yirik sanoat korxonalari – “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi, “Gidro stanko servis” MCHJ faoliyati, shuningdek, hududning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Navbahor tumanidagi “Sarmishsoy” turistik bazasi, qadimiy qoyatosh rasmlari, Nurotadagi “Chashma” ziyoratgohida bo‘ldi Tadbirning ikkinchi kunida “Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHBda tashkil etilgan yarmarka faoliyati bilan tanishildi.

– Korxonamiz yarim asrlik tarixga ega bo‘lib, turli ko‘rinishdagi nasoslar va ehtiyot qismlari ishlab chiqaramiz, – deydi “Suvmash” AJ menejeri Aliakbar Boboqulov. – Ayni paytda to‘rt yuz nafardan ziyod ishchi-xodim raqobatbardosh va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Biz, o‘z mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozorga yetkazib berayapmiz, balki O‘rta Osiyo davlatlariga ham eksport qilayapmiz. Navoiyda o‘tkazilgan yarmarkada o‘zimizning yuzdan ortiq turdagi mahsulotlarimiz bilan qatnashdik. Yakunda yurtimizdagi bir qator elektrostansiyalar rahbariyati bilan tayyor mahsulot yetkazib berish yuzasidan umumiy qiymati bir milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan shartnomalar imzoladik. Yarmarka doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy IES” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “Gidro stanko servis” MCHJ singari yetakchi tarmoq korxonalari tomonidan taqdimotlar tashkil etildi. Hamkorlik bitimlari tuzish bo‘yicha muzokoralar olib borildi.

– Ushbu sanoat yarmarkasiga Buxoro viloyatidan 75 ta sanoat korxonasi va tadbirkorlar bilan tashrif buyurdik, – deydi viloyat hokimligi ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Bobur Asadov. – Bu samarali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki vakillarimiz umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ziyod 10 dan ortiq oldi-sotdi shartnomasi va 20 dan ortiq o‘zaro hamkorlik memorandumi imzoladi. Bu esa viloyatimiz iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinati bugungi kunda respublikamizda mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish, kooperatsiya aloqalar bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelmoqda. Sanoat yarmarkasida ta’kidlanganidek, birgina 2020-yilda korxonada umumiy qiymati 352,3 milliard so‘m bo‘lgan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan, kombinat tarmoqlararo kooperatsiya doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3,5 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilingan. 2021-yilda kombinatda 154 ta loyiha bo‘yicha qariyb 433 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish, shuningdek, sanoat kooperatsiya doirasida 3,8 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar xarid qilish ko‘zda tutilgan.

– Albatta, bugun korxonamiz tizimidagi Navoiy mashinasozlik zavodi” ICHBda tashkil etilgan yarmarka biz uchun ham har tomonlama samarali bo‘ldi, – deydi NKMK moddiy texnika ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Ma’ruf Amonov. – Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan sanoat korxonalari tomonidan ko‘rgazmaga olib kelingan mahsulotlarni ko‘zdan kechirib har tomonlama tahlil qilgan holda 117 korxona bilan kelishuvga erishdik. Natijada sanoat kooperatsiya doirasida 224 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladik.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali markazi direktori Farruh Xo‘jamqulovning ta’kidlashicha, o‘tkazilgan yarmarka doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan umumiy qiymati 421 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha 1336 ta shartnoma tuzilgan. Shuningdek, tadbirkorlar va buyurtmachilar o‘rtasida 269 ta o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan.

Albatta, yurtimizda yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilayotgan bu kabi tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkalari iqtisodiyotimizni har tomonlama yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Manba: Nаvоiy vilоyati hоkimligi

Поделиться