O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Saudiya Arabistoni kompaniyasi O‘zbekistonda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda
2021-04-26 | Iqtisodiyot
Mamlakatimizning Ar-Riyoddagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistonining «SABIC» kompaniyasi raisining o‘rinbosari Ahmad Al-Umar bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi
Onlayn-uchrashuvda, shuningdek, Saudiya Arabistoni milliy kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash agentligi (NCPP) rahbari Badr Al-Badr, O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo, energetika vazirliklari, «O‘zkimyosanoat» AJ mutasaddilari ham ishtirok etdi.
Ahmad Al-Umar 2021-yil yanvar oyida Saudiya Arabistoni hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Energetika vazirligi, «O‘zkimyosanoat», «O‘zbekneftgaz» kompaniyalari vakillari bilan neft, neft-kimyo, va boshqa sohalarda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borganini ta’kidladi. U mazkur yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirishdan Saudiya tomoni mafaatdor ekanini bildirdi.
Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikda yangi turdagi kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifalar xususida fikr almashildi.
«SABIC» kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda biznes loyihalarini amalga oshirilishi nafaqat ishlab chiqarish jarayoniga yuqori texnologiyalar va nou-xau joriy qilinishi, balki yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi qayd etildi.
«O‘zkimyosanoat» vakillari, o‘z navbatida, respublikada kimyo sanoatida olib borilayotgan o‘zgarishlar, “Navoiyazot”, “Sho‘rtangaz” kabi ob’ektlarda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan olib borilayotgan hamkorlik haqida ma’lumot berdi.
Muhokamalar natijasida, «SABIC» kompaniyasi ishtirokida mamlakatimizda kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish majmualarini qurish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi