Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni kompleks rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi
Joriy yilning 22-aprel kuni Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari ishtirokida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni kompleks rag‘batlantirish chora-tadbirlarini muhokama etishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda hududning sanoat, investitsiya va eksport salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmayotgani hamda kommunal infratuzilma va ijtimoiy ob'ektlar holatini yaxshilash zarurligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan sanoat, qishloq xo‘jaligi, investitsiyalar, eksport, tadbirkorlik, uy-joy va infratuzilma qurilishi, turizm, axborot-kommunikasiya tarmog‘i, ijtimoiy rivojlanish va aholi bandligini ta'minlash kabi turli sohalardagi rivojlanishning bugungi holatini o‘rganish bo‘yicha 11 ishchi guruh tashkil etildi. Shuningdek, ustuvor vazifalar sifatida yakka tartibdagi korxonalar, muassasalar va mahallalar darajasida tadbirkorlar, eksportchilar, ijtimoiy soha xodimlari va yoshlar vakillari bilan manzilli ishlash, mavjud muammolarini aniqlash hamda foydalanilmagan zahira va imkoniyatlarni ishga solib, ularni tezkor hal etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish masalalari belgilab olindi.
Joylardagi vaziyatni atroflicha o‘rganish, aholi va tadbirkorlarning real muammolari bilan tanishish hamda kamchiliklarni bartaraf etish va qisqa vaqt ichida aniq natijalarga erishishga qaratilgan samarali yechimlarni ishlab chiqish maqsadida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan yaqin hamkorlik qilishlari zarurligi ta'kidlandi.
Yig‘ilish yakunida ishchi guruhlar va biriktirilgan vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlariga Surxondaryo viloyati 721 mahallasining har birida mavjud muammolarni o‘rganishda davom etish va ularni hal qilishning samarali algoritmlarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Bu ishlar yakuniga yetgach, Surxondaryo viloyatining har bir tuman va shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlar shakllantiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti