Forum doirasida “O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish” “Legal Tech” elektron axborot tizimi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi
“Huquqiy axborot: zamonaviy muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish – “Legal Tech” elektron axborot tizimi haqida malumot berildi.
O‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish – “Legal Tech” elektron axborot tizimi — Prezidentimizning 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” Strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoniga asosan joriy etilgan.
Qulayligi nimada?
“Legal Tech” elektron axborot tizimi (yurxizmat.uz) kichik va o‘rta biznes vakillari, aholining kam taminlangan qatlamlariga, shuningdek, boshqa fuqaro va tashkilotlarga yuristlar (advokat) ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni (arizalar, shartnomalar, tashkilotlarninng tasis hujjatlari v.h.) avtomatlashtirilgan holda (konstruktor orqali) elektron shaklda tayyorlash imkonini beradi.
Sayt xaritasi quyidagicha:
Xususan, mazkur sayt 6 ta bo‘limdan iborat.
* sudga oid hujjatlar;
* shartnomalar, kelishuv, bitimlar; ishonchnomalar;
* korporativ hujjatlar;
* shaxsiy tarkibga oid hujjatlar;
* ariza, iltimosnomalar namunalari;
* notarial tasdiqlanadigan hujjatlar.
Tizim faoliyatining asosiy mezoni foydalanuvchilarga belgilangan kategoriyalar orqali tayyor hujjatni chiqarib berishdan iborat.
Bunda foydalanuvchi o‘z xohishiga ko‘ra hujjatni chop etishi yoki tegishli formatda saqlab olishi mumkin bo‘ladi.
Tizimning ishga tushirilishi aholi, tadbirkorlar bilan bir qatorda davlat organlariga ham katta qulaylik yaratadigan huquqiy baza bo‘ladi. Chunki hozirgi kunda O‘znetda huquqiy hujjatlarning bepul bazasi mavjud emas edi. Bu esa, o‘z navbatida, huquqiy hujjatlar tuzishda ortiqcha vaqt va resurs sarflanishiga sabab bo‘layotgan edi. Endilikda internetdan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan har bir shaxs hujjatni tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri rasmiylashtirib olishi mumkin.
Tizim, shuningdek, aholi davlat organlariga hujjat namunasini so‘rab murojaat qilishini kamaytirishi bilan ham ahamiyatli bo‘lib, buning o‘rniga ularning vaqtlarini boshqa ustuvor vazifalarga yo‘naltirish imkonini ham beradi.
Eng asosiysi, hujjatlar namunalarini noto‘g‘ri rasmiylashtirish orqali yuzaga keladigan ovoragarchiliklarning oldi olinadi. Natijada arzimagan ariza to‘ldirish uchun ham advokat yoki huquqshunosga murojaat qilishga zururat bo‘lmaydi.
Manba: O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi