O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi kasalliklarni erta aniqlash yo‘lidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
2021-04-23 | Sog‘liqni saqlash
Kasallikni erta aniqlash uchun eng so‘nggi yutuqlarni joriy etish turli kasalliklar, ayniqsa, saratonni aniqlashda juda muhim rol o‘ynaydi. Mazkur mavzu O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va «Roche Diagnostics» xalqaro kompaniyasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokarada muhokama etildi
1896-yilda tashkil topgan mazkur kompaniya bugun in vitro tashxislash sohasida peshqadamlardan biri sanaladi.
Milliy palata matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kompaniyaning Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridagi hududiy direktori Hasan Demirchi ta’kidlaganidek, kompaniya kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolash bo‘yicha yangi imkoniyatlarni izlashda davom etmoqda.
- Milliy palata mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga yo‘naltirilgan hamkorlik uchun ochiq, - deb ta’kidladi palata rahbari Ravshan Izamov. - O‘zbekistonda in vitro yuqori samarali tashxislash tizimining rivojlanishi uchun yangi loyihalarni joriy etishdan tashqari yurtimiz mutaxassislarining malakasini oshirish juda muhim, deb hisoblaymiz.
Tomonlar tashxislashda yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan, sog‘liqni saqlash tizimining o‘sib borayotgan xarajatlarini qisqartirish imkoniyatlarini muhokama etdi. Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, kasallikni erta aniqlashga yordam beradigan in vitro tizimi davolash natijalarini yaxshilash va xarajatlarning kamayishiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Muzokaralarda tomonlar turli kasalliklarni tashxislash, laboratoriya infratuzilmasini maqbullashtirish va boshqa sohalarda yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik istiqbollarini belgilab olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi