Joriy yilning 21-aprel kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tadbirkorlar muammolarini aniqlash va hal etish uchun Surxondaryo viloyatiga yo‘l oldi.
Tashrifning asosiy vazifasi tadbirkorlar bilan maqsadli ishlash tizimini tashkil qilish va mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha uzluksiz muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali investitsiyalar, sanoat va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Komissiya a'zolari korxonalarga bir qator safarlar tashkil qilib, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan suhbatda bo‘ldilar hamda ishlab chiqarish ob'ektlarining hozirgi holatini, hududning resurs va sanoat salohiyatini o‘rgandilar, shuningdek, sanoat ishlab chiqarishini ko‘paytirish, yangi investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etish, eksport salohiyatini yuksaltirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha ish olib bordilar.
Shuningdek, joylarda bevosita olib borilgan faoliyat doirasida tumanlar tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlarning taklif va muammolari tinglandi, tahlili amalga oshirildi hamda yechimi yuzasidan vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Xususan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit resurslarini taqdim etish, yer uchastkalari, bino va inshootlarni ajratish, ruxsatnomalar, sertifikatlar va lisenziyalar olish, oldin to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish, korxonalarni muhandislik kommunikasiyalariga ulash, soliq va bojxona tartibga solishning alohida mexanizmlarini qo‘llash bilan bog‘liq va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Ochiq muloqot davomida jami 210 ta tadbirkorlik subyektining murojaatlari tinglandi va 243ta masala ko‘tarildi. Shundan 142tasi kredit resurslari ajratish, 16tasi – ilgari to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini qaytarish, 13 tasi – korxonalarni muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulash, 12tasi – yer ajratish, 11 tasi – eksport faoliyati bilan bog‘liq va boshqa bir qator masalalardir.
Yig‘ilish interfaol tarzda kechgani mavjud muammolarni ochiq muhokama qilish hamda navbatdagi sa'y-harakatlarning optimal algoritmini belgilash maqsadida muammolar yechimining yo‘llarini bevosita joyida, mutasaddi rahbarlar ishtirokida ko‘rib chiqish imkonini berdi.
Tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala yuzasidan muhokama yakunlari bo‘yicha vazirliklar, idoralar, sanoat birlashmalari va tijorat banklarining mas'ul rahbarlariga aniqlangan muammolarni hal etishning muddatlari va mexanizmlari aniq belgilangan holda tegishli ko‘rsatmalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi hamda Bosh prokuraturaga viloyat tadbirkorlari va eksportchilari tomonidan ochiq muloqot chog‘ida tilga olingan muammolarning sifatli va o‘z vaqtida hal etilishini nazorat qilish topshirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi