Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ustidan nazorat onlayn tarzda olib boriladi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishga tushirildi.
Ushbu tizim investitsiya loyihalarining haftalik monitoringini olib borishni ko‘zda tutadi, uning maqsadi esa pandemiyadan keyingi davrda loyihalarning kechikib ishga tushirish xavfini oldini olishdan iborat.
Turli hududlarda joylashgan investisiya loyihalarining amalga oshirilishini onlayn kuzatib borish mumkin bo‘ladi, bu esa loyiha siklining turli bosqichlarida yuzaga keladigan muammolarni tezda hal qilish va mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi.
Avtomatlashtirilgan tizim investitsiya loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holati haqida ma'lumotga ega platforma bo‘ladi. Ma'lumotlar bazasi muntazam ravishda dolzarb ma'lumotlar bilan yangilanadi.
Ayni paytda “Investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazorat va monitoring qilish” avtomatlashtirilgan axborot tizimi pilot rejimida ishlayapti. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, mahalliy hokimiyat organlari hamda tijorat banklari xodimlari tomonidan joriy etilayotgan loyihalar ijrosi yuzasidan haftalik monitoringi olib borilmoqda. Korxonalarga biriktirilgan mutasaddilar har haftada joylarga chiqib, qurilish ishlari borishini, asbob-uskunalar yetkazib berish va o‘rnatishning hozirgi holatini hamda qurilayotgan ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish bilan bog‘liq boshqa vazifalar ijrosini o‘rganmoqda.
Avtomatlashtirilgan tizimni shtat rejimida to‘liq ishga tushirish joriy yilning 1-iyulidan boshlab rejalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi