O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiyligicha qolmoqda
2021-04-17 | Sog‘liqni saqlash
Xabar berganimizdek, 17-aprel kuni poytaxtimizda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Maxsus komissiyaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev dunyoda va yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holat yuzasidan batafsil ma’lumot berdi:
-Olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 17 aprel holatida dunyoning 218 davlatida jami 140 531 290 nafar bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 119 360 093 nafari sog‘aygan, 3 012 206 nafari vafot etgan, 106 926 (0,4 foiz) nafar bemor og‘ir ahvolda qolmoqda,- dedi B. Yusupaliyev.
Oxirgi bir sutka (16.04.2021y) ichida 830 052 ta yangi kasallanish holati qayd etilib, 12 514 nafar bemor ushbu kasallikdan vafot etgan.
Ma’lumot uchun: dunyo bo‘ylab eng yuqori kasallanish ko‘rsatkichi joriy yilning 15 aprel kuni qayd etilgan bo‘lib, jami 845 223 nafar bemor ro‘yxatga olingan.
Kasallik tasdiqlangan holatlar bo‘yicha AQSH birinchi o‘rinda bo‘lib, u yerda JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 32 305 912 nafar koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar aniqlangan. Ikkinchi o‘rinda Hindiston 14 521 683, uchinchi o‘rinda Braziliya 13 834 342, to‘rtinchi o‘rinda Fransiya 5 224 321, beshinchi o‘rinda Rossiya 4 684 148 holat qayd etilgan. Buyuk Britaniyada 4 383 572 va Turkiyada 4 150 039 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasida 16 aprel holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 86 338 nafarni tashkil etib, ulardan 83 838 nafari (98,0 %) sog‘ayib chiqqan, 636 nafari (0,7%) vafot etgan.
Ma’lumot uchun: hozirda davolanayotgan 1864 nafar bemorning 109 nafari o‘ta og‘ir, 238 nafari og‘ir va 1517 nafari qoniqarli holatda.
Respublikada mart oyining ikkinchi yarmidan boshlab kasallanishning o‘sishi kuzatilmoqda, ayniqsa, Toshkent shahridagi epidemiologik vaziyat boshqa hududlarga nisbatan murakkabligicha qolmoqda.
Joriy yilning 15 martidan 15 apreligacha bo‘lgan davrda jami 5513 nafar bemor qayd qilingan (o‘rtacha kuniga 183 nafardan).
Jumladan, joriy yilning 8 aprelida 207 ta, 9 aprelida 195 ta, 10 aprelida 198 ta, 11 aprelida 192 ta, 12 aprelida 177 ta, 13 aprelida 212 ta, 14 aprelida 227 ta, 15 aprelida 292 ta va 16 aprel kuni esa 316 ta holat qayd etildi.
Respublika bo‘yicha ro‘yxatga olingan kasalliklarning yoshma-yosh tahlili bo‘yicha:
14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtacha 13-15 foizni,
15-19 yoshdagilar 4-6 foizni, 20-29 yoshdagilar 11-14 foizni,
30-39 yoshdagilar 17-20 foizni, 40-49 yoshdagilar 10-15 foizni,
50-59 yoshdagilar 12-16 foizni,
60 yosh va undan kattalar
22-26 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lumot uchun: hozirda bir sutkada o‘rtacha 40-42 mingta PZR test sinamalari o‘tkazilmoqda (100 ming aholi soniga nisbatan 100-110 ta). Kunlik test sinamalariga nisbatan 0,7-0,8 foiz (joriy yilning yanvar oyida ushbu ko‘rsatkich 0,2-0,3 foiz) musbat natijalar qayd etilmoqda. Kasallanish ko‘rsatkichlari har 100 ming aholi soniga nisbatan 0,8-0,9 nafarni (joriy yilning yanvar oyida ushbu ko‘rsatkich 0,1-0,2 nafar) tashkil etmoqda.
Z.Jonibekov
Manba: O'zA