O‘zbekiston – Rossiya: kelishuvlarning sifatli bajarilishi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish kalitidir
Joriy yilning 14-aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari A.Overchuk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali hamkorlikning kun tartibi, shuningdek, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar sohalarda mavjud bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar hukumat darajasidagi ikki tomonlama aloqalarning faolligiga yuqori baho berib, barcha ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni izchil mustahkamlashdan ikki mamlakat ishbilarmon doiralarinig o‘zaro manfaatdorligini ta'kidladi.
Rossiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganining yorqin namunalaridan biri “INNOPROM”. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ekanligi ta'kidlandi. Uch kun mobaynida ko‘rgazmaga Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus', Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa davlatlardan 10 ming kishi tashrif buyurdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha ishtirokchi-mamlakatlar ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida umumiy qiymati 3 mlrd dollardan ko‘proq bo‘lgan investitsiya va savdo shartnomalari tuzildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan “Loyiha ofisi” faoliyatini muhokama qildi. Jumladan, ayni paytda 5,8 mlrd dollarlik 104 loyiha amalga oshirish bosqichida ekanligi ta'kidlandi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasidagi munosabatlarning yangi yo‘nalishlarini qamrab olish orqali hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Shuningdek, Rossiya va O‘zbekiston vazirliklari, idoralari va tashkilotlari mutaxassislari uchun ustuvor yo‘nalishlarda, jumladan, soliq va bojxona ma'murchiligi hamda kadastr sohalarida, shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish jarayoni bilan bog‘liq masalalarda tajriba almashish maqsadida o‘zaro stajirovkalarni tashkil etish imkoniyatini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar ilgari erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga umid bildirdi va belgilangan yo‘nalishlar doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha birinchi darajali vazifalarni belgilab oldi.
Uchrashuv yakunlariga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida soliq ma'murchiligi tizimini rivojlantirish va davlat kadastrining baholash tizimini takomillashtirish bo‘yicha beg‘araz texnik yordam ko‘rsatish yuzasidan shartnomalar imzolandi. Ushbu shartnomalar doirasida jalb etilayotgan grant mablag‘larining umumiy miqdori qariyb 60 mln dollarni tashkil etadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi