O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ravshan Irmatov MOQ raisining birinchi o‘rinbosari etib saylandi
2021-04-12 | Sport
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining majlislar zalida MOQning navbatdan tashqari XXXVIII Bosh Assambleyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Rashid Tolipov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov hamda Azizjon Kamilov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Olimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning mutasaddi rahbarlari, MOQ vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi. Assambleyani Oybek Kasimov olib bordi va yig‘ilish ishtirokchilarini kun tartibi bilan tanishtirib o‘tdi. Unga ko‘ra, MOQ raisiga birinchi o‘rinbosar saylash va Qo‘mita qoshida “Sportda ayollar” komissiyasini tashkil etish kun tartibidan joy olgan edi.
Rustam Shoabdurahmonov birinchi masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi va MOQ raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida samarali ishlagan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgan Ravshan Sayfuddinovich Irmatov nomzodini ilgari surdi. Tadbir ishtirokchilari bir ovozdan taklif etilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlashdi va Ravshan Irmatov O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.
Tadbir davomida Bahodir Maxsitov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bosh kotibi Kozim O‘rinboyxo‘jayev nomzod bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.
O‘z navbatida Ravshan Irmatov bildirilgan ishonch va e’tiborni oqlashga va’da berdi.
“Menga mana shunday yuksak ishonch bildirilgani uchun muhtaram Prezidentimiz va MOQ jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Shu paytgacha boshqa tashkilotda bo‘lsa ham yagona maqsad yo‘lida birgalikda faoliyat olib borayotgan edik. Bundan keyin ham o‘z maqsadlarimizni amalga oshirishda hamkorlikda ishlashimizdan xursandman. Tokio Olimpiadasi yaqinlashib borar ekan, pulsimiz hayajondan ko‘proq ura boshlayotganini his qilyapmiz. Ishonamanki, Olimpiadada biz bir jamoa bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaramiz va xalqimiz, hukumatimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi” – dedi Ravshan Irmatov.

Shundan so‘ng O.Kasimov kun tartibidagi ikkinchi masala – MOQ qoshida “Sportda ayollar” komissiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ma’lumki, hozirda sportga xotin-qizlarni yanada keng jalb qilish, bu orqali ayollar salomatligini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash nafaqat hukumatimiz, balki Olimpiya harakatining ham asosiy g‘oyalaridan bo‘lib turibdi. MOQ Bosh kotibi tashkil etilayotgan komissiyaning faoliyati, hozirda o‘zbek sportida, xususan, boshqaruv lavozimlarida Tanzila Norboyeva, Saida Mahmudova, Iroda To‘laganova, Yelena Kun kabi ayollarimizning ko‘payib borayotganini haqida to‘xtalib o‘tdi. Komissiyaning tuzilishi ham Bosh Assambleya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Shundan so‘ng Rustam Shoabdurahmonov bugungi kun tartibidagi masalalar, qolaversa, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik masalalari bo‘yicha gapirib o‘tdi.
“Oldimizda katta vazifa turibdi. Rio-2016dagi natijalarimizdan xotirjamlikka berilmasligimiz, Tokio-2020ga ham munosib tayyorlanishimiz lozim. Shu bois barcha federatsiya va assotsiatsiya mutasaddilaridan hafta yakunigacha Olimpiadada kerak bo‘ladigan sport formalaridan tortib, dori vositalarigacha bo‘lgan zarur narsalar ro‘yxatini taqdim qilishingizni so‘rab qolamiz. Yirik musobaqa va yig‘inlardan keyin imkoni bo‘lsa sportchilarimizni markazlashgan bazada saqlab turishimiz kerak. Ularni tashqi aloqadan kamroq saqlaylik. Olimpiadaga oz vaqt qoldi. Agar ularning birortasi koronavirus yuqtirib olsa, musobaqagacha tiklashga ulgurmaymiz. Shu bois, mazkur masalaga jiddiyroq e’tibor qaritishingizni so‘rab qolamiz. Hukumatimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqinda Yoshlar ishlari agentligi bilan O‘zbekiston sport muxlislari assotsiatsiyasini tashkil qildik. Kelajakda har bir sportda professional klublar faoliyatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiryapmiz”, – dedi MOQ raisi. Shuning bilan MOQning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi