O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
2021-04-06 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-apreldagi “Turizm, sport va madaniy meros sohalarida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6199-son Farmoniga muvofiq:
1. Quyidagilar:
Turizm va sport vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Turizm va sport vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 156 nafar bo‘lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros sohasidagi YUNESKO bilan ishlash hamda muzeylar va kutubxonalarni rivojlantirish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalari tegishliligicha Turizm va sport vazirligi hamda Madaniy meros agentligiga o‘tkazilsin.
3. Turizm va sport vazirligining hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 980 nafar etib belgilansin.
4. Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziriga:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;
zarur hollarda, xodimlarning shtatdagi belgilangan umumiy soni doirasida Turizm va sport vazirligi markaziy apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;
Turizm va sport vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ular boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda maslahatchilari lavozimlari tegishligicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari etib qayta nomlanadi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha turizm va sport bosh boshqarmalarining rahbarlari hisoblanadi;
Madaniy meros agentligi direktori, turizm va sport vazirining maslahatchilari (xorijiy maslahatchilardan tashqari) hamda apparat boshqaruvchisi maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra turizm va sport vazirining o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;
Turizm va sport vazirligiga ishga qabul qilish Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi;
Turizm va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Turizm va sport vazirligi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan to‘lanadigan to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 dekabrdagi
PQ–2666-son qarori bilan tasdiqlangan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi;
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) etib qayta nomlanadi. Bunda, Jismoniy tarbiya va sport vazirligining byudjetdan tashqari “Sport” maxsus hisob raqami mablag‘lari Jamg‘armaga to‘liq o‘tkaziladi;
Turizm va sport vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbasi etib Davlat byudjeti mablag‘lari, vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar esa uning faoliyatini moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalari hisoblanadi;
Jamg‘arma mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Turizm va sport vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tizim tashkilotlari xodimlarini qo‘shimcha рaғbaтлaнтиришga yo‘naltiriladi.
Mazkur bandning uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan lavozimlarga nomzodlar Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri taqdimnomasiga asosan belgilangan tartibda tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi belgilab qo‘yilsin.
6. Moliya vazirligi ushbu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan Turizm va sport vazirligi xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar bo‘yicha 2021 yilgi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag‘ ajratsin va 2022 yildan boshlab zarur byudjet mablag‘larini ko‘zda tutsin.
Turizm va sport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Davlat byudjetining 2021 yil uchun tasdiqlangan byudjet parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:
muassisi Turizm va sport vazirligi hisoblangan korxonalar va tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – davlat tashkilotlari) ixtiyorida soliqlar va yig‘imlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;
xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarga muvofiq davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan tegishli mablag‘lar;
davlat tashkilotlarining mol-mulkini (ko‘chmas mulk bundan mustasno) sotishdan tushgan mablag‘larning 50 фоизи;
davlat tashkilotlarining mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan byudjetga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning 50 фоизи;
davlat tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Turizm va sport vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda Davlat byudjeti mablag‘larining, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;
davlat tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Turizm va sport vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda davlat maqsadli jamg‘armalari va byudjetdan tashqari jamg‘armalar daromadiga undirilgan noqonuniy sarflangan byudjet mablag‘lari, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalari;
davlat tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan mablag‘larning 10 фоизи;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
turizm, sport va madaniy meros sohalaridagi davlat-xususiy sheriklik loyihaлaрини amalga oshirishdan tushadigan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
8. Turizm va sport vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab moddiy madaniy meros ob’ektlarini konservatsiyalash, restavratsiya qilish, tuzatish, ta’mirlash, ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etish, loyihalash bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ushbu sohaga yetakchi mutaxassislarni jalb qilish maqsadida:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros ob’ektlarini asrash fakultetlarini tashkil qilish;
Buxoro arxitektura va qurilish kollejida Madaniy meros ob’ektlarini asrash yo‘nalishini tashkil qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
9. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti etib qayta nomlansin.
10. Turizm va sport vazirligi uch oy muddatda:
“Sport media markazi” davlat unitar korxonasini “Milliy PR markazi” davlat unitar korxonasiga;
“Sertifikatlashtirish va kompyuterlashtirish markazi” davlat unitar korxonasini “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasiga;
Suv sport turlarini rivojlantirish Respublika markazi hamda Suv sport turlari bo‘yicha Respublika olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabini Suv sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabiga qo‘shish choralarini ko‘rsin.
11. Turizm va sport vazirligi ta’sischiligida “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etilsin.
Bunda, “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish direksiyasi” davlat unitar korxonasi shtat birliklari Suv sport turlarini rivojlantirish Respublika markazi hamda Suv sport turlari bo‘yicha Respublika olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi boshqaruv xodimlarining 14 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.
12. Kapital bozorni rivojlantirish agentligi Turizm va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda sport sohasida bukmekerlik faoliyatini tashkil etish orqali sportni qo‘shimcha moliyalashtirish tizimini kengaytirish bo‘yicha Hukumat qarori loyihasini ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Turizm va sport vazirligi:
a) bir oy muddatda:
vazirlikning markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalarini zarur nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga, yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshirish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan тўлдиришни;
vazirlik tarkibiy va quyi bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar (ustavlar), shuningdek, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari taсдиқлaнишини ta’minlasin;
b) uch oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:
vazirlik bo‘linmalari va boshqa vakolatli organlarining mazkur sohadagi vakolatlarini aniq belgilagan holda, shuningdek, davlat boshqaruvi va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan hamkorligining mexanizmlarini nazarda tutuvchi Turizm va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizomni;
qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin.
14. Turizm va sport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Madaniy meros agentligi 2021-yil davomida moddiy madaniy meros ob’ektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish obyektlarida elektron to‘lov, turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o‘rnatishni, kirish biletlarini oldindan sotib olishni nazarda tutuvchi yagona markazlashgan elektron tizimni joriy etsin. Bunda, elektron tizimni yaratish, ishga tushirish va texnik qo‘llab-quvvatlash Jamg‘arma
va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Turizm va sport vazirligi:
ikki oy muddatda yagona markazlashgan elektron tizimga 2021-yilda integratsiya qilinishi lozim bo‘lgan ob’ektlar ro‘yxatini shakllantirsin va ularda joriy etilishini ta’minlasin;
2021-yil 1-sentabrga qadar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moddiy madaniy meros obyektlari, muzey, sport majmualari va boshqa namoyish ob’ektlarida elektron to‘lov, turniket (lazer-datchikli) va video qayd qilish moslamalarini o‘rnatish hamda kirish biletlarini oldindan sotib olish tizimini namuna sifatida Samarqand shahrida joriy etsin.
15. Restavratsiya va ta’mirshunoslik sohasining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib, hududlarda uzoq yillar davomida shakllangan me’morchilik maktablarini saqlab qolish va rivojlantirish maqsadida davlat muassasasi shaklida “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi direksiyasi” va bosqichma-bosqich ravishda uning mintaqaviy restavratsiya markazlari tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, Davlat byudjetidan madaniy meros ob’ektlarini asrashga doir ishlar uchun ajratiladigan mablag‘lar ustuvor ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida “Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi direksiyasi”ga yo‘naltiriladi.
“Madaniy meros ob’ektlari restavratsiyasi direksiyasi” va mintaqaviy restavratsiya markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari grantlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar belgilansin.
16. Belgilansinki:
yagona markazlashgan elektron tizimni tashkil etish uchun Turizm va sport vazirligi ta’sischiligida davlat tashkiloti tashkil etiladi;
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Madaniy meros departamentining mol-mulki, shu jumladan avtotransport vositalarini Turizm va sport vazirligiga o‘tkazishda qayta rasmiylashtirish uchun to‘lovlar undirilmaydi.
17. Turizm va sport vazirligi Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107 b-uy manzili bo‘yicha, Madaniy meros agentligi esa Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 2-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 6-aprel
Manba: O'zA