O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2025
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ta’lim sohasi bo‘yicha Finlyandiya tajribasi qo‘llaniladi

2021-04-09 | Ta’lim

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Finlyandiyaning ta’lim sohasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘ygan bir qator kompaniya rahbarlari va vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirishda ilg‘or xorijiy tajribalarni, xususan, Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganish va mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’lim inspeksiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsulligi va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda Finlyandiyadagi yetakchi ekspertlar, olimlar va investorlar bilan muzokaralar olib borilib, bir qator loyihalar boshlab yuborildi.

Delegatsiyaning yurtimizga tashrifi ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomi bo‘lib, muhokamalar davomida O‘zbekiston va Finlyandiyaning ta’lim tizimi hamda hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev mehmonlarga O‘zbekistonda ta’lim sifati samaradorligini oshirish hamda Finlyandiya tajribasini joriy etishda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bu boradagi ishlar kelajakda izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

– Ta’lim inspeksiyasi yaqinda tashkil etilgan bo‘lsada, sohada sifat ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish barobarida, yoshlarning malakali kadrlar bo‘lib yetishishi uchun tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimini Finlyandiya tajribasini joriy etish orqali isloh qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan hamkorlik aloqalarimizning mevasi sifatida ayni kunda Navoiy va Laappenranta shaharlari o‘rtasida o‘quvchilar almashinuvi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan talabalar almashinuvi dasturlari yo‘lga qo‘yilganligini, Finlyandiyada amalda bo‘lgan o‘quv dasturlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib o‘rganilayotganini ko‘rsatish mumkin. Bu, albatta, erishiladigan ulkan natijalarning boshlanishi. Kelajakda mazkur aloqalar yanada kengayib, mamlakatlarimiz va madaniyatlarimiz o‘rtasida muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz, – dedi Ulug‘bek Toshkenboyev.

“Edunation Finland” kompaniyasi hammuassisi Harri Suominen Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘ining fikrlariga to‘liq qo‘shilishini ta’kidladi:

– Avvalo, iliq mehmondo‘stlik uchun Ta’lim inspeksiyasi jamoasi va hamkor tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Davlatlararo talabalar almashinuvini amalga oshirish bilan bog‘liq faoliyatim davomida dunyoning ko‘plab mamlakatlariga safar uyushtirishimga to‘g‘ri keladi. Ammo O‘zbekistonning ta’lim tizimini isloh qilish va kelajak avlodni tarbiyalashdagi ishtiyoqi meni hayratga soldi. Mazkur loyihaning bir qismiga aylanish bizga ham faxr bag‘ishlaydi, – dedi “Edunation Finland” kompaniyasi vakili.

Uchrashuv davomida talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, matematika va fin tilini o‘qitish bo‘yicha loyihalar doirasida memorandumlar imzolash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida Finlyandiyaning O‘zbekistondagi faxriy konsuli Alisher Jo‘rayev hamkorlik aloqalari istiqbollariga to‘xtalar ekan, Finlyandiya ta’lim tajribasining O‘zbekistonda joriy etilishi bu boradagi yangi loyihalar uchun boshlang‘ich qadam bo‘lishini ta’kidladi.

– Davlatimiz rahbari topshirig‘i bilan Finlyandiya tajribasini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan ilk kunlarda butun dunyoda pandemiya bilan bog‘liq cheklovlar bartaraf etilmagan edi. Shunga qaramay, Ta’lim inspeksiyasi va Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda sharoitdan kelib chiqib, onlayn tarzda qator uchrashuvlar va seminarlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, Finlyandiyaning markaziy shaharlari bilan bir qatorda qator mintaqalari bilan ham hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda ishlar "bottom-up approach", ya’ni «pastdan yuqoriga» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yildi. Xususan, finlyandiyalik o‘qituvchilar mart oyidan Navoiy viloyatining Zarafshon shahriga kelib, o‘quvchilarga fin tilidan saboq bermoqda hamda Finlyandiya maktablari tajribasining O‘zbekistonda joriy etilishi uchun ko‘maklashmoqda. Bu, albatta tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari uchun yagona misol emas. O‘ylaymanki, muzokaralarning samarali yakunida erishiladigan natijalarimiz yanada ortadi, – dedi Alisher Jo‘rayev.

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda ta’lim sifati va samaradorligi ko‘rsatkichlarini oshirishda aynan Finlyandiya tajribasi misol qilib ko‘rsatilgan edi. Negaki, mamlakat o‘quvchilari xalqaro tadqiqotlarda savodxonlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishganligi bilan ajralib turadi.

Ta’lim inspeksiyasi tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda ushbu mamlakat ta’lim tizimidagi ilg‘or jihatlarni o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Finlyandiya milliy ta’lim agentligi bilan hamkorlikda «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, unda fin ta’lim tajribasini o‘rganish va mamlakatimizda samarali tatbiq qilishga qaratilgan vazifalar hamda hamkorlik yo‘nalishlari o‘z aksini topgan.

Xususan, Finlyandiya milliy ta’lim agentligi ekspertlari va Xelsinki universiteti professor- o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlar orqali ta’lim dasturlari, umumta’lim fanlarini o‘qitish, o‘qituvchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Delegatsiya a’zolarining Navoiy, Buxoro va Samarqand viloyatlari hokimliklari hamda ta’lim tizimi mutasaddilari bilan uchrashuvlarida talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, matematika va fin tilini o‘qitish bo‘yicha loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borish hamda memorandumlar imzolash rejalashtirilgan.

Shuningdek, rejaga o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuvlar, umumta’lim maktablariga va bir qator oliy ta’lim muassasalariga tashrif, “O‘zbekiston – Finlyandiya hamkorlik yo‘nalishlarining istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy forum tashkil etish ham kiritilgan.

Manba: O'zA

Поделиться