Toshkentda Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – BAA Hukumatlararo komissiyasining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 7-aprel kuni videokonferensiya shaklida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumatlararo komissiyasining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va BAA iqtisodiyot vaziri Abdulloh bin Tuk al-Marriy Komissiya hamraislaridir.
Yig‘ilishda ikki mamlakatning tegishli vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, investitsiya kompaniyalari va savdo-sanoat palatalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibi ikki tomonlama investitsiya, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalariga oid keng ko‘lamli masalalarni qamrab oldi.
Uning davomida 2019-yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi va Hukumatlararo komissiyaning 3-yig‘ilishi o‘tkazilishi mamlakatlararo hamkorlikning tubdan yangi, yuqori bosqichiga ko‘tarilishiga kuchli turtki bo‘lgani ta'kidlandi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarning ro‘yobga chiqarilishi ikki Davlat rahbarlarining shaxsiy nazoratida ekanligi ham ikki tomonlama munosabatlarning strategik xususiyatidan dalolat berishi ta'kidlandi.
Yig‘ilishning asosiy masalalaridan biri investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari bo‘ldi. O‘tgan ikki yil mobaynida investitsiyaviy hamkorlikda salmoqli natijalar qulga kiritilganligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Mubadala”, “Masdar”, Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi va BAAdagi boshqa nufuzli kompaniyalar bilan “muvaffaqiyat hikoyalari”ni yaratishga erishilganligi ham tilga olindi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar to‘qimachilik sanoati, meva-sabzavotni qayta ishlash, zargarlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shma investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirish uchun sa'y-harakatlarni amalga oshirishga o‘zaro tayyor ekanligini bildirdi.
Xususan, ochiq maydon va issiqxonalarda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishdan tortib, ularni saqlash, qayta ishlash va sug‘orish infratuzilmasini rivojlantirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli va yuqori foyda keltiruvchi loyihalarni nazarda tutib, qishloq xo‘jaligida investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, BAA ishbilarmon doiralarini O‘zbekistonda boshlab yuborilgan xususiylashtirish bo‘yicha davlat dasturida ishtirok etishga jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Dasturga muvofiq, xorijiy investorlarga sanoat, ko‘chmas mulk, turistik ob'ektlari va boshqa aktivlar taklif etiladi.
Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va aniq investitsiya takliflarining taqdimotlarini o‘tkazdilar. Ular tahlil etilib, kelgusida ro‘yobga chiqarilishining imkoniyatlari baholandi.
BAA investorlarining O‘zbekistonning tegishli davlat idoralari va biznes doiralari bilan hamkorlik qilish salohiyatini o‘rganish va turli sohalarda eng istiqbolli investitsiya loyihalarini aniqlash borasida o‘zaro munosabatlarni faollashtirishga kelishildi.
Shu nuqtai nazardan, tomonlar vazifasi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston – BAA ishbilarmonlar Kengashining tashkil etilishini mamnuniyat bilan kutib oldilar va uning birinchi yig‘ilishini shu yilning iyun' oyida o‘tkazishga kelishib oldilar.
Tomonlar o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish istiqbollariga yuqori baho berdilar – o‘tgan ikki yil mobaynida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi bir yarim barobarga oshdi. Joriy yilda O‘zbekiston ilk bor «Gulfood» dunyodagi eng yirik oziq-ovqat va ichimliklar ko‘rgazmasida o‘z milliy pavil'oni bilan ishtirok etgani va unda ishtirokchilar va mehmonlarning katta qiziqishini uyg‘otgan 23dan ortiq o‘zbek ishlab chiqarish kompaniyalarining mahsulotlari namoyish etilgani ta'kidlandi.
Tomonlar ikki mamlakat mas'ul idoralari, jumladan, savdo-sanoat palatalari, eksport agentliklari o‘rtasida yaqindan hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘iysh hamda ikki mamlakat bozorlarida eksport salohiyatiga ega tovar va xizmatlar, ularning ishlab chiqaruvchilari va bo‘lajak mijozlari to‘g‘risidagi axborot bilan muntazam ravishda almashishni tashkil etish orqali savdo aylanmasini oshirishga qaratilgan ishlarni davom ettirishga kelishdi. Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi g‘ovlarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh shakllantirish hamda joriy yilning aprel' oyida guruh a'zolarining dastlabki muzokaralarini o‘tkazishga kelishib oldi.
Alohida tartibda ikki mamlakat o‘rtasida muntazam yuk tashish parvozlar sonini oshirish, shuningdek, transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizasiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishga BAA investitsiyalarini jalb etish orqali transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga to‘xtaldi.
Yig‘ilish doirasida 21 ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklari Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi o‘rtasida Atrof-muhitni muhofaza qilish va bioxilma-xillik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum, O‘zbekiston –Birlashgan Arab Amirliklari Ishbilarmonlik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Bitim, qishloq xo‘jaligi va ta'lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qator bitimlar, shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlari, dukkakli, quritilgan va yangi uzilgan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolandi.
O‘zbekiston – BAA Hukumatlararo komissiyasi 4-yig‘ilishining so‘ngida yakuniy Bayonnoma imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi