Toshkent shahrida “INNOPROM. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII) sanoat siyosati bo‘yicha Kengashining 3-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Kengashining sanoat va agrosanoat kompleksi bo‘yicha Hayati a'zosi (vazir) A.Kamalyan, Rossiya Federatsiyasi sanoat va savdo vaziri D.Manturov, Belarus Respublikasi sanoat vaziri P.Parxomchik, Armaniston Respublikasi iqtisodiyot vaziri V.Kerobyan, Qirg‘iziston Respublikasi energetika va sanoat vaziri K.Turdubaev, Yevroosiyo taraqqiyot banki (EOTB) Kengashi raisi N.Podguzov, shuningdek, yirik investitsiya va sanoat kompaniyalari hamda birlashmalari rahbarlari qatnashdi. YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat – O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida YeOII doirasida sanoat hamkorligini qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda kengaytirishning asosiy yo‘nalishlari hamda Ittifoq a'zo mamlakatlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ayrim tarmoqlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning imkoniyatlari ochib berildi. Shu nuqtai nazardan Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishning samarali mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Samolyotsozlik sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. “Mamlakatlarimiz korxonalarining bu boradagi salohiyati juda katta va uni to‘la ro‘yobga chiqarish kerak. Rossiya tomoni tashkilot doirasida xorijiy va yuqori texnologiyali mahsulotlar importi o‘rnini bosish bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzish tashabbusini ilgari surdi. Bu mamlakatlarimiz ishlab chiqarish hamda havo transporti sohalarini rivojlantirish uchun zarur”, deya ta'kidladi Kengashning sanoat va agrosanoat kompleksi bo‘yicha Hayati a'zosi (vazir) A.Kamalyan.
Yig‘ilish ishtirokchilari, shuningdek, YeOII mamlakatlarini strategik muhim dori-darmonlar bilan ta'minlash darajasini oshirish maqsadida o‘rta muddatli dasturiy hujjatni ishlab chiqishga kelishib oldilar va Komissiyaga ushbu masalani Ittifoqqa a'zo davlatlar rahbarlari darajasida ko‘rib chiqishni topshirdilar. Tomonlar COVID-19 pandemiyasi vaqtida mazkur vazifani amalga oshirish alohida ahamiyatga ega, deya yakdil fikrga keldilar.
Yig‘ilishda, shuningdek, “2025-yilgacha sanoat kooperatsiyasining asosiy yo‘nalishlari” yangi strategik hujjat loyihasi tasdiqlandi. Hujjat Ittifoqqa a'zo davlatlarga raqobatning kuchayishi va texnologik jihatdan ortda qolish kabi jiddiy muammolarni bartaraf etishga imkon beradi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari qutlov nutqida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport sohalarida sheriklikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar topish maqsadida O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning ustuvorligini, shuningdek, o‘zaro manfaatli hamkorlik, tenglik va ishtirokchi mamlakatlarning milliy manfaatlarini hisobga olish kabi YeOII konsepsiyasida belgilab qo‘yilgan tamoyillarning muhimligini ta'kidladi.
Kuzatuvchi mamlakat maqomida YeOII bilan hamkorlikning tasavvur etilayotgan asosiy istiqboli yo‘nalishlari, jumladan, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish bilan birga kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, istiqbolli bozorlarga mahsulotlarni hamkorlikda olib chiqish, o‘zaro savdo hajmini hamda mavjud transport yo‘laklarining samaradorligini oshirish va yangilarini tashkil etishga qaratilgan keng ko‘lamli infratuzilma loyihalarini hayotga tatbiq etish, shuningdek, innovasiyalarni ishlab chiqish va rag‘batlantirishda ko‘p tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish ham belgilandi.
YeOIIga a'zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda, uning kun tartibidagi asosiy bandlar yuzasidan fikr almashildi va bir qator konstruktiv takliflar bildirildi. A.Kamalyan “Ishonchim komilki, bugungi yig‘ilish hamda ushbu formatdagi kelgusidagi ishlarimiz ham integratsiyani rivojlantirishni jadallashtirish va iqtisodiyot real sektori barqaror o‘sishining amaliy natijalariga erishishga xizmat qiladi. YeOII Kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2021-yilning kuzida Qozog‘istonda, mashinasozlar forumi doirasida bo‘lib o‘tadi. Va umid qilamizki, kun tartibimiz, birinchi navbatda, tarmoqlar hamkorligi masalalariga qaratiladi”, deya o‘z so‘zini yakunladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi