Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
FIDE prezidenti kecha Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar markazida ochilgan «INNOPROM. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida Rossiya “Skolkovo” jamg‘armasi raisi sifatida ham ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida faxriy mehmon Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lib, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari, mamlakat shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov bilan uchrashdi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidentiga so‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga, xususan, shaxmatga alohida eʼtibor qaratilayotganligi haqida maʼlumot berildi.
FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich yurtimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan eʼtiborni yuqori baholab, yosh shaxmatchilarimizning xalqaro maydonlarda qozonayotgan g‘alabalarini eʼtirof etdi. Qolaversa, iqtidorli yosh grossmeysterlar yordamida O‘zbekiston yaqin kelajakda yana-da yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirish borasida FIDE tomoni O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bilan amaliy hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi