O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda “Innoprom. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi

2021-04-05 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 5-aprel kuni Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida “INNOPROM. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur keng ko‘lamli tadbir tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligidir.

O‘zbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa mamlakatlar hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyalari qatnashayotgan ushbu tadbirning boshlanishigacha unda ishtirok etish uchun 5 mingdan ortiq kishi ro‘yxatdan o‘tdi. Ko‘rgazmaning umumiy maydoni 12,5 ming kvadrat metrni tashkil etib, unda dunyoning 20 mamlakatidan 300 dan ortiq kompaniyalar qatnashmoqda. Ko‘rgazma dasturi doirasida 15 ga yaqin keng qamrovli tadbirlar va 200 dan ortiq biznes-uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.
 
Ko‘rgazma maqsadlari – xalqaro sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ilg‘or texnologiyalar va innovasiyalarga asoslangan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish hamda turli mamlakatlardan kelgan ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish.
 
Ko‘rgazmaning asosiy bo‘limlari orasida transport va energetika, shaharlar uchun sanoat IT-texnologiyalari, tibbiy asbob-uskunalar va farmatsevtika, metallurgiya va polimer materiallar, shuningdek, yengil sanoat ham bor.
 
Tadbirning birinchi kunida “Jahon sanoat ishlab chiqarish sohasi o‘sish drayverlarini aniqlamoqda” mavzusida asosiy yalpi majlis bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari, yirik xorijiy kompaniyalar, biznes uyushmalari va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari tomonidan ma'ruzalar qilindi. Ishtirokchilar o‘z iqtisodiyotlari raqobatbardoshligini oshirish maqsadida ularni texnologik o‘zgartirishni rag‘batlantirish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Shu nuqtai nazardan, xalqaro sanoat munosabatlarini chuqurlashtirish va sanoat, ilmiy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yaqin aloqalarning ahamiyati hamda mazkur jarayonlarda xususiy sektorning faol ishtirokini ta'minlash zarurligi qayd etildi.
 
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z so‘zida Respublikada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iqtisodiyotni erkinlashtirishni jadallashtirish, tubdan yangi investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini jahon hamjamiyatiga yanada integratsiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini alohida ta'kidladi.
 
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda izchil sanoatlashtirish tendensiyasi kuzatilayotgani qayd etildi – o‘tgan 4 yil mobaynida respublika YaIMda sanoatning ulushi 26,6% dan 35,5% ga, ayrim tarmoqlarda esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 10 barobardan ziyod oshdi.
 
Yalpi majlisda “o‘sish nuqtalari” deb ataluvchi eng istiqbolli tarmoqlarga alohida e'tibor qaratildi. Ulardan foydalanish Yevroosiyo mintaqasida xalqaro sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma sanoat korxonalari sonini oshirishga sezilarli turtki beradi.
 
Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan innovatsion ishlanmalar asosida yuqori texnologiyali qo‘shma korxonalar tashkil etishga qaratilgan 50 istiqbolli investitsiya loyihasi taqdimotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
 
Yalpi majlis yakunida koviddan keyingi davrda sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbolli mexanizmlari, savdo-iqtisodiy aloqalarni tiklash yo‘llari, iqtisodiy o‘sish drayverlari sifatida sanoat innovatsiyalarini joriy etish imkoniyatlari, xususan, O‘zbekistonning sheriklik va investisiyalar uchun ochiq mamlakat sifatida uning investitsiyaviy va sanoat salohiyati haqida konstruktiv fikr almashildi.
 
Sessiya yakunida rasmiylar ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi. Unda delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston, Rossiya va boshqa mamlakatlarning yirik korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazma stendlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
 
Bundan tashqari, biznes dasturi doirasida “O‘zbekiston – Rossiya: sanoat sohasidagi muloqot” Hududlararo forumini o‘tkazish rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston va Rossiya hududiy ma'muriyatlari, hududiy Savdo-sanoat palatalari va kompaniyalari rahbarlari hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qiladilar, istiqbolli investitsiya loyihalarini taqdim etadilar va xorijiy investorlar bilan tajriba almashadilar.
 
6 va 7 aprel kunlari ishtirokchi mamlakatlarning biznes va ta'lim doiralari ishtirokida “Raqamli ishlab chiqarish”, “Mashinasozlikda qo‘shma loyihalar”, “O‘zbekistonda xalqaro ishlab chiqarish loyihalarini moliyalashtirish”, “Shaharlar uchun texnologiyalar”, “Energetikada innovatsiyalar”, “Koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish kontekstida YeOII farmatsevtika bozorini rivojlantirish” maxsus sessiyalar, mavzuli davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil qilinadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться