Toshkent viloyatining Parkent va Yukorichirchiq tumanlari tadbirkorlari va eksportchilari bilan ochiq muloqot
Joriy yilning 3-aprel kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tadbirkorlar muammolarini aniqlash va hal etish, shuningdek, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Toshkent viloyatining Parkent va Yukorichirchiq tumanlariga yo‘l oldi.
Komissiyaning vazifalari yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda amaliy yordam berish maqsadida ishbilarmon doiralarining vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilish tizimini yaratish hamda investitsiya va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishdan iborat.
Komissiya a'zolari joylarda bo‘lib, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar bilan bevosita muloqot qildilar va faoliyat yuritayotgan korxonalarning hozirgi holatini, ularning ehtiyojlarini va muammoli masalalarini o‘rganib chiqdilar. Shuningdek, ushbu tumanlarning sanoat salohiyati tahlil qilinib, ishlab chiqarishni kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga hamda mahalliy va xorijiy bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni yaratuvchi yuqori texnologiyali korxonalarga investitsiyalar jalb etish borasida qo‘shimcha imkoniyatlar aniqlandi. Ta'kidlandiki, bunday loyihalar sonining ko‘payishi eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirib, mahalliy aholi bandligini ta'minlaydi.
Shuningdek, tashrif doirasida Parkent va Yukorichirchiq tumanlari tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlarning taklif va muammolari tinglandi va tahlili amalga oshirildi. Tahlil natijalari asosida vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Har bir ko‘rib chiqilgan holat yuzasidan tegishli vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari bilan tezkor va samarali yechimlar ishlab chiqildi.
Uchrashuv yakunida Hukumat komissiyasi tomonidan ijrochilar, amalga oshirish muddatlari va kutilayotgan natijalar aniq belgilangan holda amaliy chora-tadbirlarning batafsil rejasi qabul qilindi. Ushbu ko‘rsatmalar ijrosi ustidan tizimli nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi