O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ravshan Ermatov Manamada OFK prezidenti Shayx Salmon bilan uchrashdi
2021-04-03 | Sport
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi delegatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidentining taklifiga binoan Baxrayn qirolligi poytaxti Manama shahriga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif davomida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al Halifa ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
R.Ermatov Shayx Salmonga O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovning samimiy salomlari va eng yaxshi tilaklarini yetkazgan holda, mamlakatimizda shaxsan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev, qolaversa O‘FA rahbari boshchiligida O‘zbekistonda futbolni yana-da keng ommalashtirish va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritdi. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari O‘FA va OFK o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari ishonch va hurmat asosiga qurilganligini aʼlohida taʼkidladi.
Shuningdek, Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Osiyo futbol konfederatsiyasi bilan yaqin hamkorlikda keng ko‘lamli hamkorlik dasturlari va loyihalarini amalga oshirishdan har doim mamnun ekanligini aytib, qitʼa miqyosidagi bir qator nufuzli musobaqalar mezbonligi aynan O‘zbekistonga ishonib topshiriliganligi mamlakatimiz futbol jamoatchiligini yana-da baxtiyor etganligini bildirdi.
O‘z navbatida, Shayx Salmon O‘FA rahbariyatining O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish borasida olib borayotgan samarali faoliyatini eʼtirof etdi hamda OFK va O‘FA o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlashga hamisha sodiq ekanligini yana bir bor taʼkidladi.
Shuningdek, OFK prezidenti o‘zbek futbolida olib borilayotgan islohotlar, uning ommaviyligini oshirish yo‘lida qabul qilinayotgan qarorlarni olqishlab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
Shuning bilan O‘FA delegatsiyasining OFK prezidenti taklifiga binoan Baxrayn qirolligiga amalga oshirgan tashrifi o‘z yakuniga yetdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi