Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida qurayotgan quyosh fotoelektrik stansiyasining barpo etilishi o‘rganildi
Joriy yilning 2-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi Bosh direktori Muhammad Djamil al-Ramahi bilan birgalikda Navoiy viloyatining Karmana tumanida O‘zbekistonning birinchi 100 MVtlik fotoelektrik stansiyasining qurilishini joyiga borib o‘rgandi.
Birlashgan Arab Amirliklari investori tomonidan tashkil etilgan va loyiha operatori hisoblangan “Nur Navoi Solar” kompaniyasining ishlab chiqarish uchastkasiga tashrif chog‘ida tomonlar obyektda 2020-yilning uchinchi choragida boshlangan qurilish-montaj ishlarining borishi, erishilgan yutuqlar va yaqin istiqboldagi rejalar bilan tanishdilar.
Ayni paytda umumiy maydoni 268 gektar bo‘lgan obyektda texnologik uskunalar, panellar, invertor va transformatorlar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Fotoelektrik stansiyasi joriy yilning 1- sentabrda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalari hajmi qariyb 100 mln dollarni tashkil etadi. Fotoelektrik stansiyasining ishga tushirilishi yiliga 260 mln kVt⋅soat miqdorida elektr energiyasini ishlab chiqarishni ta'minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 4-oktabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining mazkur kompaniyasi quyosh energetikasi sohasida davlat-xususiy sheriklikka (DXSh) asoslangan loyihaga investitsiyalarni jalb etish uchun xorijiy investorni tanlash bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba tender g‘olibi bo‘ldi. “Masdar” dunyodagi eng past tariflardan birini, ya'ni 1 kVt⋅soat uchun 2,67 AQSh senti darajasida tarifni taklif qildi. 2019-yilning noyabr oyida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan imzolangan investisiya bitimiga ko‘ra, “Masdar” fotoelektrik stansiyasini loyihalash, moliyalashtirish va qurish hamda 25 yil davomida undan foydalanish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tegishli hujjatlarni ishlab chiqish va tender savdolarni o‘tkazishda maslahatchi sifatida Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) jalb etildi. Tender savdolarida turli mamlakatlardan 40dan ortiq kompaniyalar ishtirok etdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar loyihaning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun navbatdagi tadbirlarni muhokama qildilar va fotoelektrik stansiyasini qurish va ishga tushirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga sodiqliklarini bildirdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi