O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Navoiy viloyati tadbirkorlari va eksportchilari bilan ochiq muloqot

2021-04-03 | Iqtisodiyot

Joriy yilning 2-aprel kuni Davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi tadbirkorlar va eksportchilar bilan ish olib borish va ularning faoliyatida uchraydigan muammoli masalalarni hal etish uchun Navoiy viloyatiga yo‘l oldi.

Komissiya o‘z faoliyati davomida korxonalarga tashrif buyurdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lib, ishlab chiqarish ob'ektlarining bugungi holatini o‘rganib chiqdi. Obyektlarning bevosita o‘zida bo‘lib o‘tgan suhbatlarda ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish va yangi yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish orqali korxonalarni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
 
Tashrif davomida tadbirkorlar va eksportchilar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uning maqsadi mas'ul tuzilmalarni jalb qilgan holda ishbilarmonlar muammolarini muhokama va har tomonlama tahlil qilib, tezkor hal etishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda 300 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirok etib, o‘z masalalarini ko‘tarib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar va ularning har biri komissiya a'zolari tomonidan atroflicha o‘rganildi. Ta'kidlash joizki, viloyat tadbirkorlari asosan investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit olish, yer uchastkalari, bo‘sh bino va inshootlarni ajratish, ruxsat etuvchi hujjatlar, sertifikat va lisenziyalar olish, amaldagi soliq tartibi va bojxona nazorati tartib-taomillaridan o‘tish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
 
Muloqot davomida jami 217 tadbirkorlik subyektlari 246 muammoli masalalar bilan murojaat qildi. Shu jumladan, 137ta masala kredit mablag‘larini olish yoki mavjud kreditlar muddatlarini uzaytirish, 18ta – muhandislik tarmoqlariga ulanish, 15ta – kreditlar uchun kafolatlar berish va kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun kompensasiya olish, 12ta – yer uchastkalari ajratish, 11ta – zarur ruxsatnomalar va sertifikatlar olish bilan bog‘liq va boshqa masalalar ko‘tarildi.
 
Har bir tilga olingan muammoni tahlil etish va uning amaliy yechimi bo‘yicha algoritmni ishlab chiqishdan so‘ng, Komissiya rahbariyati uni amalga oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.
 
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari mas'ul rahbarlariga sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish va har bir tuman kesimida ustuvor tarmoqlarda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash maqsadida tadbirkorlar bilan yaqindan ishlashni faollashtirish topshirildi. Shu nuqtai nazardan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik sanoat zonalarini rivojlantirish va ishlab chiqaruvchilarni o‘z hududida loyihalarni amalga oshirishga faol jalb etish orqali ularning salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
 
Yig‘ilish yakunida Hukumat komissiyasi tomonidan aniq ijrochilar, ijro etish muddatlari va kutilayotgan natijalarni ko‘rsatgan holda amaliy chora-tadbirlarning batafsil rejasi qabul qilindi. Har bir topshiriqning bajarilishi ustidan tizimli nazorat olib borish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi zimmasiga yuklatildi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться